Namlantiruvchi kremni ertalab va kechqurun surish kerakligini hamma biladi. Antioksidant, peptid yoki kislotali vositalardan qachon foydalanish mumkin? Yuzingiz terisi qanday davr bo‘yicha yashashini bilib oling va kosmetikadan sutkaning to‘g‘ri vaqtlarida foydalaning.
Bizning terimiz gormonlar va tashqi muhit ta’siri ostida bo‘ladigan 24 soatlik tabiiy davrga ega. Yuzni parvarish qilish yuqori samara berishi uchun 2 asosiy qoidani esingizda saqlang: teriga kun davomida himoyalovchi, kechasi esa tiklovchi vositalar zarur bo‘ladi.
Ertalab 6 da
Ertalab teringiz ta’sirchan va oddiy parvarishni qabul qilmayotganini sezgan bo‘lsangiz kerak? Bunga terida ta’sirchanlik, yallig‘lanish va hatto allergiya kabi salbiy ta’sirlar qo‘zg‘atuvchi kortizol gormoni sababchidir. Agar siz ertaroq tursangiz, yuzingizga tinchlantiruvchi yoki yallig‘lanishga qarshi krem suring.
Ertalab 9 da
Ertalabki parvarish kun davomida teringiz uchun ishonchli himoya bo‘lishi kerak: antioksidantlar, faol namlantiruvchi va quyoshdan himoya qiluvchi vositalardan foydalaning. Bu mahsulotlarning maqsadi — teringizni tashqi muhitning zararli ta’sirlaridan: ultrabinafsha nurlar, ekologik ifloslanish, stress va kompyuter ekrani nurlanishidan himoya qilish. Terini uzoq vaqtgacha namlantirish uchun erkin radikallar va gialuron kislotasi ta’sirlariga qarshi tarkibida C va E vitaminlari bo‘lgan kosmetik vositalarni tanlang.
Kunduzi 1 da
Tushga yaqin yuzda ortiqcha yog‘lar paydo bo‘ladi, shuning uchun T-sohadan yaltirovchi yog‘larni olib tashlashning ayni vaqti. Makiyajni buzmaydigan va sebumni yaxshi singdiradigan jilosiz salfetkalardan foydalaning.
Kechqurun 5 da
Ish kunining oxirida siz terining tortilganini va suvsizlanganini his qilishingiz mumkin. Bu sizning ertalabki kremingiz o‘z vazifasini bajara olmayotganini bildiradi. Qo‘shimcha ravishda namlantiruvchi krem yoki zardob surishning ayni vaqti.
Kechqurun 9 da
Kechki vaqtlar charchash, stress va uzoq vaqt makiyajda yurish oqibatida teri yana ta’sirchan bo‘lib qoladi. Yuzingizni yaxshilab tozalang va tinchlantiruvchi yoki yallig‘lanishga qarshi krem suring.
Tunda
Aynan tunda terimiz faol ravishda tiklana boshlaydi: erkin radikallar ta’siri neytrallashadi, kollagen ishlab chiqarish oshadi va hujayralar yangilanadi. Yoshartiruvchi ta’sir samarasini oshirish uchun teriga faol parvarish orqali yordam bering: peptidli, retinolli yoki meva kislotali vositalardan foydalaning. Bir haftada 1—2 marta maxsus tungi niqoblardan ham foydalanishingiz mumkin.
Manba: Daryo.uz