Bilasizmi?

Zamonaviy O‘zbekistonda yaxshi universitet qanday jihatlarga ega bo‘lishi lozim?

O‘zbekistonda yaqinda boshlangan o‘zgarishlar tufayli, hukumatimiz universitetlarimiz uchun akademik imkoniyatlarini oshirish va dunyoda nufuzlarini ko‘tarish uchun ko‘plab imkoniyatlar bermoqda. Biroq gap avvalambor yaxshi universitet tushunchasining o‘zi nima ekanligini aniqlab olishdadir. Chet ellarda olgan tajribamdan quyidagilarni keltirishim mumkin: kuzatuvlarimga ko‘ra, yaxshi universitet tanlashda talabalar to‘rt asosiy mezonlarni taroziga solib ko‘rishadi: o‘quv kursi sifati, universitetning obro‘si, joylashish o‘rni va yashash joylarining narxi.

Hukumatning O‘zbekistonda chet mamlakatlar universitetlar filiallarini ochish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayman, chunki bu holda davlat universitetlari orasida raqobatning rivojlanishi shubhasiz. Bugungi kunda o‘zbekistonlik talabalarda tahsilni davom ettirish uchun turli-tuman imkoniyatlar mavjud va O‘zbekistonda bilim olish muassasasini tanlashlarida o‘zlariga “Universitetda olgan tajribam va bilimlarim menga ish bozorida yoki o‘z tadbirkorlik ishimni boshlashda qanday yordam bera oladi? Degan savolni berishlari lozim. Boshqacha qilib aytganimizda, talabalar universitetlarga: “Ta’lim olganlik haqidagi hujjatdan tashqari yana nimani bera olasizlar? - degan savolni berishlari lozim.

O‘zbekistonda yoki chet ellarda tahsil olish uchun universitet tanlashda ularga quyidagilarni tavsiya qila olaman:

1. O‘qitish sifati

O‘qitish sifati har bir universitetda turli darajada bo‘ladi va ba’zi universitetlarda muayyan sohalarda o‘qitish ko‘rsatkichi boshqalarnikiga qaraganda doimo yuqori darajada bo‘ladi. O‘qitish sifati haqidagi fikrlar doimo sub’yektiv bo‘ladi, biroq bu juda ham muhim ko‘rsatkich ekanligi shubhasiz. Dunyoning eng nufuzli universitetlariga talabalar malakasi jahon miqyosida tan olingan o‘qituvchilar borligi uchungina hujjat topshirishadi. Global dunyoda chet ellik o‘qituvchi mutaxassislarni yollash ancha oson vazifa bo‘lganligi uchun universitetlar imkoni boricha ko‘proq xalqaro o‘qituvchi kadrlarni yollashga ko‘proq e’tibor qaratishlari lozim. Zamonaviy yutuqlar asosida yangilangan o‘quv dasturi, amaliyot va ishga joylashish o‘qitish sifatining universitetdan keyingi asosiy tarkibiy qismlaridir.

2. Xalqaro maydonda faoliyat olib borish uchun imkoniyatlar

Har yili O‘zbekiston universitetlarini minglab talabalar xatm qilishadi, biroq ulardan juda ozchiligigina chet ellarda yashagan, tahsil olgan yoki ishlagan. Ehtimoliy ish beruvchilar chet eldagi faoliyat tajribasini juda qadrlaydilar, chunki bunday tajriba nomzodni chaqqon, uddaburon ekanligini va o‘zlari o‘rganib qolgan muhitdan tashqarida bo‘lishdan hayiqmaydigan inson ekanligidan dalolat beradi. Shuningdek, bunday tajriba talabalarga turli madaniy tadbirkorlik amaliyotlari haqida xabardorlikni rivojlantiradi va hamma joyda qo‘l keladigan va muhim tillar bilish ko‘nikmalarini sayqallashtiradi. Siz nazarda tutayotgan universitetlar mana shunday imkoniyatlar bera olish-olmasliklariga e’tibor bering.

3. Universitetlarning sanoatdagi hamkorlar va professional tashkilotlar bilan aloqalarining mavjudligi

Hozirgi kunda dunyoda ixtisoslar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashda ish beruvchilar bilan hamkorlik qiluvchi universitetlar va oliy ta’lim tashkilotlarining soni tobora oshib bormoqda. Yaqinda o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqotlar biznes vakillarining 75% kadrlar karerasi bo‘yicha maslahat/konsultatsiya berish ishiga yordam berishga tayyor ekanligini ko‘rsatdi va bunday taklif asosida maslahatlardan foydalanayotgan universitetlar soni oshib bormoqda. Ya’ni, tahsil tugaganda talabalarning ishga tayyorlanganlik darajasi yuqori bo‘ladi va juda muhim bo‘lgan o‘zini boshqarish va sohadan xabardorlik ko‘nikmalarida kamchiliklari oz bo‘ladi.

4. Tijorat inkubatorlari tashkilotlari va yangi startap boshlash hamjamiyatlariga jalb etilish

Bitiruvchilarning aksar qismi katta korxonalarda ishlashni maqsad qilib olishadi. Shunga qaramay, universitetni xatm qiluvchilarning ko‘pchiligi kichik va o‘rta ko‘lamdagi, xususan, Toshkentdan tashqaridagi korxonalarda ish boshlashadi. Universitetlarda bitiruvchilarni mahalliy kichik va o‘rta tadbirkorlik korxonalari (KO‘X) bilan bog‘lovchi dasturlar joriy qilishlari lozim. Siz nazarda tutayotgan universitetlarda bunday imkoniyatlar bor yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rish foydadan xoli bo‘lmaydi. Bundan ham ma’qulrog‘i esa – agar ulardan bunday aloqalar bo‘lmasa, biror korxona bilan aloqa bog‘lashni tashkil qilishga hech nima monelik qilmaydiku?

5. Turli tuman o‘quv dasturidan tashqari faoliyatlarni taklif qilish

Gap bitiruvchining ish topish masalasi haqida ketganda, sport musobaqalarida qatnashish, bahs-munozaralar, drama to‘garaklari va boshqa o‘quv dasturidan tashqari faoliyatda qatnashish foydali, maroqli va do‘stlar orttirishga yordam berish bilan birga juda muhim hamdir. Siz tanlaydigan universitet qoshida qatnashish uchun turli faoliyatlar olib borish imkoniyatlari mavjudligiga jiddiy e’tibor bering. Chet el universitetlari bu masalada juda puxta tayyorlangan va kampusda qatnashish uchun 100 -dan ziyod faoliyat jamiyatlari mavjud.

6. Ish tajribasi va ko‘ngillilik (volontyorlik) imkoniyatlari

Ish beruvchilarga ularda ishlash uchun tegishli munosabatlar va yaroqli ekanligingizni isbot qilish uchun ish tajribasi va ko‘ngillilik faoliyatingiz juda yuqori ahamiyatga ega. Aksar xalqaro va zamonaviy kompaniyalar turli sohalarda tajribalarini va har tomonlama rivojlangan ekanliklarini birinchi ishga olishda oldingi suhbatda isbot qila oladigan nomzodlarni qidirishadi. Hozirgi kunda universitetlar ish tajribasi olish imkoniyatlariga jiddiy e’tibor qaratmoqdalar. Universitetlar yarmarkalarida ular ish beruvchilar bilan uchrashish va ko‘ngillilik ishlarini olib borish uchun xayriya tashkilotlari bilan aloqa o‘rnatish uchun qanday imkoniyatlar taklif qilishlarini so‘rang.

7. Nufuz va akkreditatsiya

Siz tanlagan universitet taniqli va xalqaro tan olingan muassasalar tomonidan nufuz ro‘yxatlariga kiritilgan bo‘lishi lozim.

8. Yashash faoliyati qulayliklari

Muassasalar sport inshootlari, talabalar yashaydigan joylar, kutubxonalar, oshxonalar va talabalar o‘qiydigan binolar kabi o‘zlari taklif qiladigan dunyoviy ne’matlar va sharoitlarga ko‘ra bir biridan farq qiladi. Ko‘lam juda muhim hal qiluvchi mezon hisoblanib, katta kampuslar yashash va o‘qish uchun barcha shart-sharoitlarni taklif qilib, ko‘p hollarda kichikroq ko‘lamdagi kampuslarda maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan shart-sharoitlarning soni kamroq bo‘ladi. Shuningdek, o‘zingiz tanlagan sohaga faoliyat yuritishga oid shart-sharoitlar mavjudligi haqida surishtirishingiz ham lozim.

9. Kampusdagi hayot

Universitetdagi hayot shunchaki o‘qish va og‘ir mehnatdangina iborat emas, balki bu hayot talabalar yoshi yoki kelib chiqishidan qat’iy nazar turli tuman sport va dam olish dasturlari taklif qilinishini hisobga olsak, hamma faoliyatlar orasidagi muvozanatdir. Madaniy tadbirlar dam olish hamda musobaqa tarzida o‘tkaziladi.

Xulosa qilib aytganda, “yaxshi” universitet siz talaba sifatida nimani afzal ko‘rishingiz va o‘rta ma’lumot olganingizdan keyingi tahsildan nimalarga erishishni xohlashingizga bog‘liq. Masalan, ba’zi talabalar ko‘plab ilmiy-tadqiqot olib borish imkoniyatlari, kutubxona resurslari va muayyan bir fanda maxsus kurslar mavjudligini afzal ko‘rishlari mumkin, boshqalar esa aloqalar o‘rnatish, odamlar bilan tanishish va turli tuman kurslarni o‘rganishni xohlashlari mumkin. Shartli ravishda, yaxshi universitet quyidagilarni ustuvor masala qilib olgan bo‘lishi lozim:

  1. Malakali professorlar va o‘qituvchilarni ishga olish va ularga yordam ko‘rsatish – bu insonlar sizga dars berishadi, va ular universitet tahsilining o‘zagini tashkil qiladi
  2. Turli tuman kurslarda qatnashib o‘qish imkoniyatlari (jumladan, izchil taklif qilinadigan va zamonaviy tadqiqot ishlari va voqealar bilan to‘ldiriladigan kurslar).
  3. Moliyaviy yordam olish imkoniyatlari
  4. Keng kutubxona va kompyuterda ishlash bo‘limlari
  5. Sifatli o‘quvda yordam xizmatlari va ko‘p sonli mutaxassislarning mavjudligi (o‘quv ishlari bo‘yicha maslahatchilar, alohida dars beruvchi o‘qituvchilar, O‘Yolari va hok.)
  6. A’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan yordam xizmatlari va xodimlar (ma’muriyat, kasb tanlash xizmatlari, talabalar huquqlarini himoya qilish, mulkchilikka oid xizmatlar va hok.)
  7. Yaxshi holatda saqlanadigan kampus va yashash joylari
  8. Sog‘lom, turli-tuman ovqatlar mavjudligi va narxi qimmat bo‘lmagan oziq-ovqat reja imkoniyatlari
  9. Tadqiqotlar olib borish imkoniyatlar va barcha kafedralar va fakultetlar uchun moliyalashtirish imkoniyatlari
  10. Salomatlikni va obodonchilikni qo‘llash (maslahat, tibbiy xizmatlar, sport zal)
  11. Xavfsizlik xizmatlari kampusda jinoyatning kam sodir bo‘lishi yoki umuman sodir etilmasligi, jinsiy tajovuzlardan keyin yordam va hok.)
  12. Aloqalar o‘rnatish, do‘stlashish va talabalar boshqaruvi uchun imkoniyatlar

Xulosa sifatida, sizga o‘quv faoliyatingizda omad tilayman va kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirasiz va O‘zbekiston yoki chet ellarda o‘zingiz orzu qilgan universitetni topasiz deb umid qilaman!!

Azamat Akbarov,

Qozoq Milliy Universiteti professori, Olmaota

Muallifning boshqa maqolalari bilan tanishing:

Professor minbari: O‘zbekistonda o‘quv dasturlari ishlab chiqish muammolari haqida

Yosh professor Azamat Akbarov: “Til o‘rganish — umidsizlikni yengishdan boshlanadi”