2018 yil 1 avgustdan ayrim soha vakillarining ish haqlari oshiriladi, deb xabar qildi telegramdagi huquqiy-axborot kanali.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlarining ish haqi miqdori 2 baravar oshiriladi.
Bundan tashqari “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonga binoan belgilangan sudlar, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlariga oylik ish haqini oshirish bo‘yicha belgilangan normalar ham bugundan kuchga kiradi.
2018 yil 1 avgustdan boshlab soliq organlari xodimlarining lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,7 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tarkibida xizmat olib borayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilarga ham lavozim maoshining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibi ham kuchga kirdi.
Buning uchun mazkur xodimlar patrullik hududida og‘ir va o‘ta o‘g‘ir jinoyatlarga bevosita chek qo‘yishi, ularni aniqlashi, tergov va suddan yashiringan shaxslarni ushlashi lozim.