Ko‘pincha parvarish qilishda asosiy urg‘uni yuzimizga qaratamiz-u, lablarni unutib qo‘yamiz. Lab terisi ham xuddi ko‘z osti terisi singari juda nozik, alohida parvarishga muhtoj bo‘ladi. Tiniq, silliq va alvon rang lablar salomatlik belgisidir. Ammo vitamin yetishmasligi yoki shamollash oqibatida lablar quruqshab, yorilishi va hatto qonashi ham mumkin. Mana shunday holatlarda nima qilish kerak? Aziz bekajon, bir nechta foydali maslahatlarimiz sizlar uchun!
Quruqshagan lablarni yumshatish uchun ko‘chaga chiqishdan yarim soat oldin biror turdagi o‘simlik moyidan surting. Vaqt o‘tgach, qog‘oz salfetka yordamida yog‘ning ortiqchasini shimdirib oling (yuvib tashlamang) va sevimli lab bo‘yog‘ingizni surib ishga otlanavering. Shuningdek, bu muolajani kechki uyqudan oldin takrorlasangiz ham bo‘ladi, faqat surilgan o‘simlik moyini ertalabgacha yuvmaslik tavsiya etiladi.
Yumshatuvchi va oziqlantiruvchi niqob: 0,5 choy qoshiq yog‘li tvorogni 1 choy qoshiq qaymoq bilan aralashtirib, hosil bo‘lgan massani lablaringizga suring va 10-15 daqiqadan so‘ng yuvib tashlang. Muolajadan so‘ng vazelin yoki gigiyenik lab bo‘yog‘i suring. Qaymoq o‘rnida o‘simlik yog‘i, sut, sabzi yoki lavlagi sharbatidan foydalansangiz ham bo‘ladi.
Tez-tez quruqshab, terisi archilishga moyil lablar uchun asalli niqob juda samarali natija beradi. Lab terisiga har kuni ertalab va kechqurun asal surishni kanda qilmang. Bu nafaqat sog‘lom ko‘rinish baxsh etadi, balki lablaringizning tabiiy rangini ham qaytaradi.
Baxtga qarshi lablarimizning silliqligi va nafisligi har doim ham saqlanib qolavermaydi. Shamollash va turli tashqi omillar ta’sirida lab terisi o‘z jozibasi va tarangligini yo‘qotib boradi. Ingichka lablar yanada ingichkalashib, quruqlashadi. Yillar o‘tishi bilan so‘lg‘inlashib, lab burchaklari pastlashib boradi va yuz ifodasi ham shunga ko‘ra xafaqon ko‘rinadi.
Nima bo‘lganda ham har kungi bir necha daqiqalik mashqlar lablar tarangligini ozmuncha uzaytiradi.
Lablarni tish cho‘tkasi yordamida uqalash ham yaxshi natija beradi. Toza tish cho‘tkasiga biroz asal yoki sariyog‘ surib yengil harakatlar bilan 1-3 daqiqa mayin uqalang. Muolajani kunora takrorlashni kanda qilmang.
Chuqur nafas olib, lunjingizni havoga to‘ldiring va sekinlik bilan "P" tovushini ifoda etgan holda og‘iz bo‘shlig‘idagi havoni uzib-uzib (p… p… p…) tashqariga chiqaring. Mashqni 5-7 marta takrorlang.
Lablaringizga bo‘yoq surganday tasavvur qiling va 5-10 daqiqa bir-biriga qattiq jipslashtirgan holda tutib turing. Mashqni 4-5 marta takrorlang.
Moychechak damlamasiga namlangan dokani 10-15 daqiqa lablaringizga kompress qilib qo‘ying. Og‘iz bo‘shlig‘ini shu damlamada chayish shamollashlarni bartaraf etishi mumkin. Shuningdek, qaynoq suvga "o‘ldirib" olingan yalpiz barglarini labda 10-20 daqiqa tutib turish ham siz kutgan natijalarni beradi.
Eng muhimi, tez-tez tabassum qiling! Bu ham eng sodda, husningizga yanada joziba baxsh etuvchi foydali muolaja hisoblanadi.
Manba: Beka.Uz