Oiladagi o‘zaro munosabatlar murakkab va turli-tumandir. Shunga qaramasdan, har birimiz oilamizda baxt hukmron bo‘lishini istaymiz. Baxt va farovon turmush haqida qanchalik ko‘p o‘ylasak, u shuncha ko‘proq hayotimizda aks etadi. Ko‘pincha oilaviy baxt aynan ayollarga bog‘liq bo‘ladi. Aynan ular erkaklarni yo‘naltiradi va oilaviy hayotni yoqimli, turli-tuman va baxtli qiladi.
Aynan ayol donoligi nikohni muvaffaqiyatli va davomli qila oladi.
Agar munosabatlaringiz omadli va baxtli davom etishini xohlasangiz o‘z ustingizda biroz ishlashingizga to‘g‘ri keladi. Ba’zi muhim qoidalarni doim yodda tutishga harakat qiling.
Baxtli oilaviy hayotning asosiy qoidalari:
- Har bir ayol tabassum qilganda butunlay o‘zgaradi
Turmush o‘rtog‘ingizga tez-tez tabassum hadya eting, u sizning ko‘zlaringizda quvonch va baxtni ko‘rsin. Shunda u sizning birga yashashdan baxtli ekanligingizni his etadi. Oilaviy hayot har doim ham oson kechmaydi, biroq hamma narsadan ijobiy tomonini qidirishga harakat qiling va juda charchab ketgan paytda ham jilmayishga kuch toping.
- Uning muammolariga e’tiborli bo‘ling, ko‘proq tinglang
Erkaklar ularni tinglashlarini yaxshi ko‘radi va siz bilan barcha voqealarni bo‘lisha boshlaydi. Murakkab vaziyatlarda siz ularning, ular esa sizning suyanchingizga aylanadi. Turmush o‘rtog‘ingiz doim sizga ishonsin, shubhalanishi uchun asos bo‘lmasin.
- Uyda birinchi bo‘lishga intilmang
Erkaklarning aksariyati ularga ovoz ko‘targanni yoki buyruq berganni hazm qila olmaydi. Ularning biror kamchiligini yumshoq ohangda, bolalar va begonalar oldida kamsitmasdan bayon qiling. Uning fikrini tez-tez ma’qullab turing. Turmush o‘rtog‘ingiz o‘zini xo‘jayin ekanligini his qilsin. Agar biror fikrga qo‘shilmasangiz, o‘z qarashlaringizni ma’lum qiling, biroq ularni bajarilishi majburiy qoidalarga aylantirmang. Biroz vaqtdan so‘ng u sizning haq ekanligingizni tushunib, o‘zi fikringizni ma’qullashi mumkin.
- Do‘stlar va tanishlarga muammolaringiz haqida hikoya qilmang
Barcha bahs-munozaralarni faqat oilaning ichida hal qilishga intiling. Oilangiz - bu sizning o‘chog‘ingiz, undagi muammolarni boshqalar bilan bo‘lishmang. Hech kim sizni va eringizni sizchalik bilmaydi, shuning uchun boshqalardan maslahat so‘rashga shoshilmang. Muammolarni tinchlangan holda eringiz bilan mustaqil ravishda hal qilishga harakat qiling. Baxtli oilaviy hayot, undagi xafagarchiliklar va tushunmovchiliklar bilan faqat sizga taalluqli bo‘lishi lozim, yon-atrofdagi tanishlar va qo‘shnilarga emas.
- Katta yoshdagi erkak kishini qaytadan o‘zgartirishning iloji yo‘q
Shuning uchun uning ba’zi jihatlarini o‘zgartirishdan ko‘ra, ularga ko‘nikish osonroq. Siz ularni o‘zgartirishga harakat qilib, faqat asablaringiz va kayfiyatingizni buzishingiz mumkin, lekin hech narsaga erisha olmaysiz. Eng yaxshi usul xotirjam vaziyatda undan nimani iltimos qilayotganligingizni tushuntirish va buning sabablarini asoslab berishdir. Buni eringiz ishdan charchab va och qolib kelgan paytda emas, u sizni tinglay oladigan vaqtda amalga oshiring. Chunki ishdan charchab qaytgan erkak paypog‘i va shimini qayerga joylashtirish haqidagi nasihatlarga emas, sizning e’tiboringizga muhtoj bo‘ladi.
Baxtli oilaviy hayot o‘z qo‘lingizda ekanligini unutmang!
Maqolani tayyorlashda "Mi i semya" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.