Salomatlik

Avitaminozga qarshi kurashishda yordam beradigan mahsulotlar

Bahor va avitaminoz — bu deyarli sinonimlar. Qishning sovuqlari, shamollash kasalliklari va quyosh nurlari yetishmasligidan odam organizmi foydali moddalar tanqisligini chuqur his etadi. Yoz fasliga eson-omon yetib olish  uchun bu yetishmovchilikni to‘ldirish talab qilinadi.

C vitamini

Askorbin kislota eng muhim vitaminlardan biri hisoblanadi. C vitamini immunitetni mustahkamlaydi, organizmning har xil infeksiyalarga va kasalliklarga qarshiligini oshiradi, stress va depressiya belgilariga qarshi kurashadi.

Mahsulotlar: sitruslilar, tuzlangan karam, na’matak, kivi, qora smorodina, bulg‘or qalampiri, karamning hamma turlari, yashil no‘xat, qulupnay, malina, ko‘k piyoz, chakanda (oblepixa), ismaloq.

D vitamini

Bu vitaminni «quyoshli» deb ham aytishadi. U asosan quyosh ta’sirida, teri ostida xolesterinning sintezlanishi natijasida ishlab chiqiladi. D vitamini organizmga kalsiyni singdirishda, suyaklarni va tishlarni mustahkamlashda yordam beradi.

Mahsulotlar: baliq moyi, ikra, qizil baliq, tuxum sarig‘i, jigar, qaymoq, saryog‘, sut va sut mahsulotlari.

A vitamini

Bahor faslida albatta A vitaminiga e’tibor qaratish lozim. Organizmda bu vitamin yetishmasligi ko‘rishning yomonlashishiga, teri quruqlashishiga olib keladi.

Mahsulotlar: sabzi, oshqovoq, lavlagi, krapiva, pomidor, makkajo‘xori, qizil qalampir, o‘rik, jigar.

Manba: Daryo.uz