Bugun ayollarimiz nafaqat pazanda uy bekasi, yoki mehribon ona, balki jamiyatning faol yetakchilari, ishbilarmonlari, raxbarlari, idoraning mohir ish yurituvchilari sifatida iqtisodiyotning barcha jabhalarida faoliyat olib borishmoqda.
Turli muzokaralar-u, bitimlar tuzishda odatda tushlik yoki bir finjon qaxva qo‘yilgan stol atrofida suhbat olib boriladi. Qolaversa oddiy dugonalar uchrashuvida ham noqulay axvolga tushib qolish hech gap emas. Bunda ba’zi savollar yuzaga kelishi mumkin: Stol atrofida tish tozalagichdan foydalanish mumkinmi? Restoranga kelganingizda sumkangizni qayerga qo‘yish kerak? Teatrga yoki kinoga borganda o‘z joyingizga qanday o‘tish mumkin? Biz shu kabi savollarga javob berish maqsadida turli hayotiy vaziyatlarda o‘zingizni to‘g‘ri tutishingizga yordam beruvchi bir necha etiket qoidalarini tayyorladik.
1. Restoranga borganingizda tarelka ustidagi gazlamali salfetkani darhol tizzangizga qo‘ymang. Avval buyurtma bering. Ofitsiant dastlab siz buyurtirgan ichimlikni olib keladi. Birinchi ovqatni keltirishganidan so‘ng salfetkani ikkiga buklab tizzangizga qo‘ying. Ushbu kichkina gazlamali salfetka bor yo‘g‘i 3 ta narsa uchun mo‘ljalangan: - kiyimingizni dog‘ va mayda ushoqlar tushishidan himoya qilish, ovqat yoki ichimlik tekkan barmoqlaringizni artish hamda suv ichishdan oldin og‘zingizni artish uchun.
Ovqatlanishni tugatib, salfetkani tizzangizdan olib uni tarelkaning chap tomoniga qo‘ying.
2. Ovqatlanayotganizda tishlaringiz orasiga nimadir kirib qolsa, stol ustidagi tish tozaligichni olib og‘zingizni ochib tishingizdagi narsani olib tashlashga shoshmang. Bu ishni faqat stoldan narida, qo‘l yuvish xonasi kabi joylarda amalga oshiring. Qolaversa, stol atrofida tabletka qabul qilish, sochlarni to‘g‘rilash, lab bo‘yog‘idan foydalanish ham odobdan emas.
3. Ko‘chada sharros yomg‘ir yoqqanda odatda ishxonamiz ho‘l soyabonlarimizni quritadigan joyga aylanadi. Ammo soyaboningizni katta ochib ishxonada yoki mehmonda quritish yaxshi ish emas. Bunday ishni uyda bajargan ma’qul. Qolgan barcha joylarda maxsus xonalardan foydalaning yoki shunchaki, soyabonni ilib qo‘ying.
4 Teatrda o‘z joyingizga o‘tayotganingizda sizdan avval kelib o‘tirganlarga qaragan holda harakatni amalga oshiring. Agar xonim erkak hamrohligida bo‘lsa, ayol erkak ortidan yurish kerak. Axir noqulayliklar uchun aynan erkak kishi uzr so‘raydi.
5. Agar restoranga tashrif buyurgan paytingizda sizni stolingizgacha ofitsiant kuzatib qo‘ysa bunda ofitsiant, xonim, erkak ketma-ketligi tartibida yuriladi. Ofitsiant yo‘qligida esa zalga oldinda erkak kishi va uning ortidan xonim kirishi kerak.
6. Umr yo‘ldoshingiz bilan sayrga chiqqan paytingizda yohud birga biror jamoat joyiga borganingizda, agar umr yo‘ldoshingiz sizga notanish kishi bilan so‘rashsa, siz ham albatta salom bering.
7 Restoranga kelgan aksariyat xonimlar sumkalaridan ayro o‘tira olishmaydi. Ba’zilar uni tizzalariga yoki o‘zlari o‘tirgan stulga qo‘yishadi va stulning bir uchiga o‘tirishadi. Biroq bu noto‘g‘ri. Agar xonimning sumkasi kichik o‘lchamda bo‘lsa, uni yaxshisi to‘g‘ridan-to‘g‘ri stolga qo‘yish mumkin. Katta o‘lchamdagi sumkalarni esa stul orqasiga ilish, yoki ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallangan kichkina stulchadan foydalangan ma’qul.
8. Yo‘talish yoki aksirishga to‘g‘ri kelib qolsa albatta salfetkalar bilan og‘zingizni to‘sing.
9. Ovqatni chaynayotganda gapirmaslikka harakat qiling.
10. Agar siz mezbon bo‘lsangiz birinchi bo‘lib ovqatni tugaguncha yeyish ham odobdan emas.
11. Ish yuzasidan uchrashuv bo‘lganda faqat eng zarur vaqtlarda qo‘l telefoningizdan foydalaning. Smartfonga kelgan xatlarni o‘qib o‘tirishingiz hamrohingizga yoqmasligi mumkin. Iloji boricha diqqatingizni yoningizdagi odam bilan suhbatga qarating.