Ko‘pchilikning fikricha, muhabbat va o‘zaro munosabatlarga kundalik turmush tashvishlari rahna soladi. Bir-birini yaxshi ko‘ruvchi juftlik oila qurgandan keyin yuzaga keluvchi kundalik yumushlardagi turlicha qarashlar, bir-birini tushunmaslik natijasida mojarolar kelib chiqa boshlaydi. Bu esa oilaviy munosabatlarni izdan chiqaradi.
Biroq shunday juftliklar borki, ular turmush qurgandan keyin ham vaqtni birgalikda o‘tkazish, kerakli mahsulotlarni birgalikda xarid qilish, uy yumushlarida bir-biriga yordam berish va bundan zavq olishda davom etadi. Xo‘sh, bunday oilalar oilaviy baxtning qaysidir siridan xabardormi?
Odatiy oilalardan birining hayot tarzini ko‘rib chiqsak
Ertalabdan hamma ish, o‘qish va bog‘chaga shoshiladi. Kunduzi ishdagi masalalar yechimi bilan mashg‘ul bo‘lib, kechqurun charchoq bilan jimgina ovqatlanadi, dars qiladi, ba’zan biroz suhbatlashadi. Bu suhbat ham ko‘pincha bir-birining harakatlaridan norozilik yoki bolalarning maktabdagi bahosini muhokama qilishga bag‘ishlanadi.
Dam olish kunlari yetib keladi. Endi uyg‘ongandan do‘konga yugurishga, ovqat tayyorlashga, uylarni yig‘ishtirib, kir yuvishga ulgurishga harakat qila boshlaymiz. Juda kamdan-kam hollardagina oila a’zolarimiz bilan biror yerga dam olish uchun borishimiz mumkin.
Hafta davomida charchoq va asabiylik to‘planib qolganligi uchun bir-birimizga ovozimizni ko‘taramiz, urushamiz, yig‘laymiz, ota-onalarimizga hatto qo‘ng‘iroq qilib qo‘yishni ham unutamiz.
Butun hayotingizni shu tarzda o‘tkazishni istamasangiz, baxtli oilaviy hayot sirini topishga urinib ko‘ring.
Uydagi yumushlarni dam olish kunlariga qoldirish odatidan voz keching! Mana asosiy sir.
Hech qachon hech narsani dam olish kunlariga qoldirmang, barcha uy ishlarini tongda yoki kechasi bajarib qo‘yishga harakat qiling. Ulgurmaganlaringizni ertasi kuni bajaring. Chunki oilaviy dam olish barchasidan muhim hisoblanadi. Sifatli dam olishgina sizga ham jismonan, ham ma’nan, butun tanangiz bilan hordiq chiqarish imkonini beradi. Bunday dam olishdan keyin sizdagi barcha charchoq va serzardalik yo‘qoladi. Natijada siz bir-biringiz bilan ko‘proq muloqot qilish, bolalaringiz muvaffaqiyatlaridan xursand bo‘lish uchun vaqt ajrata boshlaysiz.
Ba’zan uy yumushlarini bajarishga oilangizdagi barchani jalb qiling. Ovqat tayyorlash, javonlarni tartibga keltirish jarayonini qiziqarli suhbat yoki o‘yin shaklida o‘tkazing.
Ishdan keyin xaridlarni qilishga, televizor tomosha qilish yoki oilaviy suhbat chog‘ida kiyimlarni dazmol qilib qo‘yishga odatlansangiz, sizni maroqli hordiq chiqarish uchun bo‘sh vaqtga boy dam olish kunlari kutadi.
Yana bir muhim qoida - tozalik va tartibni ideallashtirishga harakat qilmang
Agar farzandingiz biror narsani joyiga qo‘yishni yodidan chiqargan yoki biror joyda chang qolib ketgan bo‘lsa jazavaga tushmang. Nahotki ideal darajadagi tozalik va tartib oilaviy munosabatlar va muhabbatdan ustun bo‘lsa? Doimiy ravishda kamchiliklarni ta’kidlab turish va tanqidiy fikr bildirish eringizga ham, bolalaringizga ham yoqimsiz holatdir. Tartibga ko‘nikish uchun tinmay bir narsani takrorlab turish kerak deb o‘ylasangiz adashasiz. Bunga asta-sekinlik bilan erishish mumkin.
O‘zingizni yomon his qilayotgan paytda ham uy yumushlarini bajarishga harakat qilmang
Uy yumushlari kutib turishi mumkin. Siz esa yaqinlaringizga sog‘lom va hayotdan zavqlanadigan holda keraksiz. O‘zingizga kelib, kuch to‘plab olganingizdan keyin to‘planib qolgan ishlarni ikki barobar tezroq bajarishingiz mumkin.
Kechqurun uyga qaytgan turmush o‘rtog‘ingiz sochlari chiroyli turmaklangan, dam olgan rafiqasini ko‘rsin! Bu kun bo‘yi uy yumushlaridan charchagan, serzarda ayolni ko‘rishdan ancha yoqimliroq, shunday emasmi?
Baxtli oilaviy hayot siri - o‘z qo‘lingizda!
Maqolani tayyorlashda "Mi i semya" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.