Ushbu taomni kolbasani xush ko‘ruvchilar uy sharoitida tayyorlashlari mumkin. Quyida taqdim etilayotgan usul bo‘yicha tayyorlangan tovuq go‘shti suvli (sochniy) va ziravorlar hidi bilan to‘yingan bo‘ladi.
Taomning asosiy siri go‘shtni oldindan suvda tindirib qo‘yishdan iborat. Uni tayyorlash esa ko‘p vaqt olmaydi — bor-yo‘g‘i 15 daqiqa, barcha jarayon uchun esa — 15 soat. Demak, tug‘ilgan kun yoki bayram dasturxoniga kolbasa o‘rniga pastrom qo‘ymoqchi bo‘lsangiz, tayyorgarlikni bir kun oldin boshlashingizga to‘g‘ri keladi.
Tovuqning lahm go‘shtidan pastrom tayyorlash uchun:
- 2-4 dona lavr yaprog‘i;
- 1 ta tovuq ko‘kragi (lahm go‘shti — 700-800 g);
- 2-3 dona qalampirmunchoq shonachasi;
- 1 litr qaynatib sovutilgan suv;
- 2 choy qoshiq quruq ziravorlar aralashmasi;
-2 osh qoshiq tuz;
- 5-7 dona maydalanmagan qora murch;
- 0,25 choy qoshiq maydalangan qora murch;
- 1 choy qoshiq shakar;
- 2-3 dona xushbo‘y qalampir;
- 0,25 choy qoshiq maydalangan qiziq qalampir;
- 1 osh qoshiq kungobaqar yog‘i.
Tayyorlanishi:
Imkon qadar yirikroq tovuq lahm go‘shtini tanlash lozim. Namakob (marinad) tayyorlang. Buning uchun idishga sovuq suv quyib, tuz va shakarni soling. Ularni to‘liq eriguncha aralashtirib turing. Lavr yaprog‘i, qalampirmunchoq, qora murch donachalari va xushbo‘y qalampirni soling. Tayyor namakobga tovuq go‘shtini joylang. Suv go‘shtni to‘liq qoplab turishi kerak. So‘ngra uni 12 soat muzlatkichga qo‘ying.
Taomni tayyorlashga kishirishdan avval alohida likopchaga barcha quruq ziravorlarni soling va ustidan o‘simlik yog‘ini quyib, aralashtiring. Kerakli vaqt o‘tganidan keyin go‘shtni muzlatkichdan olib, issiq suv yordamida eriting. So‘ngra lahmning barcha tomoniga ziravorlardan tayyorlangan aralashmani yaxshilab surtib chiqing.
Go‘shtni folga qog‘oziga o‘rang. Eng yuqori haroratga qadar qizdirilib turgan pechga lahmni roppa-rosa 15 daqiqaga qo‘ying – kam ham, ko‘p ham emas. Eshiklarni ochmang! Kerakli vaqt o‘tganidan keyin pechni o‘chiring.
Biroq pech eshigini keyin ham ochishga shoshmang. Tovuq go‘shti pech ichida to‘liq sovugunga qadar qolishi kerak, hech bo‘lmaganda ikki soat.
Natijada xushta’m va mazali hid taratib turuvchi tovuq go‘shti tayyor bo‘ladi. Pastromni bayram dasturxoniga to‘g‘ralgan holda qo‘yish, nonushtaga kolbasa o‘rnida non o‘rtasiga solib, buterburod tayyorlash mumkin. Pastrom zamonaviy kolbasa mahsulotlariga qaraganda bezarar ekani bilan ham qimmatli.
Yoqimli ishtaha!