Bilasizmi?

Biz mandarinni nima uchun sevamiz?

Mandarinlar uyimizga bayram kayfiyati olib kelish bilan birga, ular qish faslida organizmga yordam beruvchi foydali moddalarning koni hisoblanadi.

Mandarinda ayniqsa B guruh vitaminlari juda ko‘p.

B1 vitamini organizmdagi oqsillar, yog‘lar va uglevodlarni tiklashga, hazm qilish a’zolarining faoliyatini yaxshilashga yordam beradi.

B2 vitamini qalqonsimon bez faoliyatiga yordam beradi, tirnoqlarga sog‘lom ko‘rinish, teri qatlamiga va sochlarga elastiklik bag‘ishlaydi.

B4 vitamini asab tizimining normal faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi, insonning xotirasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mandarinlar ichki a’zolarning muvofiq faoliyat ko‘rsatishini ta’minlovchi mikroelementlar, kaliy, kalsiy, fosfor va magniyga juda boy.

Ko‘rish qobiliyatini tiklash va jigar faoliyatini tartibga solish uchun esa meva tarkibidagi lyutein va xolin moddalari g‘oyat muvofiq keladi.

Mandarin parhezli ovqatlanish uchun ham juda mos keladi. 100 gramm tozalangan meva tarkibida bor-yo‘g‘i 53 kilokaloriya mavjud, shu jihatdan ular ozishni sevuvchilar uchun mukammal oziq-ovqat hisoblanadi.

Kletchatkalarga boy bo‘lganidan mandarin hazm qilish yo‘llari uchun juda foydali, uning tarkibidagi foydali moddalar esa modda almashinuvini tezlashtiradi va butun hazm qilish tizimi faoliyatini tartibga solib turadi. Mandarin tarkibida yog‘larni eritishga, o‘t pufagi va jigardagi yallig‘lanish jarayonini kamaytirishga yordam beruvchi moddalar mavjud.

Mandarinlarning fitonsid va antiseptik xususiyatlari ichaklardagi normal mikrofloralarning tiklanishini ta’minlaydi va disbakteriozning oldini olishga yordam beradi. Piktin va ba’zi vitaminlar esa yurak-tomir tizimi faoliyatini mustahkamlashga yordam beradi.

Mandarinlar dasturxonimizda bizga juda zarur vaqtda paydo bo‘ladi. Qish faslida organizm vitaminlar yetishmasligidan aziyat chekadi va mandarin shamollash kasalliklariga qarshi kurashish uchun zarur bo‘ladigan C vitamini bilan kerakli miqdorda ta’minlaydi.

Manba: Daryo.uz