Dunyo statistikasiga ko‘ra, shifokorga murojaat qiladigan har yigirmanchi kishining buyrak sohasida biron muammo borligi aniqlanar ekan. Aksariyat hollarda ular buyrakdagi surunkali shamollash, qum, tuz hamda tosh yig‘ilishlari bilan ifodalanarkan. Hozirgi kunda buyrak bilan bog‘liq kasalliklar samarali davolanmoqda. Ammo uy sharoitida qo‘llaniladigan foydali retseptlarni bilib qo‘yish ham zarar qilmaydi.
«Mikroblarga chidamliligini oshiradi»
— Biz oilamiz bilan qish mavsumida quritilgan mevalardan kompot va sharbatlar tayyorlab ichishga odatlanganmiz.
Ayniqsa, quritilgan mayiz, turshak, olma kabilardan tez-tez kompot qaynatib, har zamonda choy o‘rnida ichib tursangiz, organizm kerakli vitaminlar zahirasini to‘ldiradi. Tabiiy kompotlar buyraklarni yuvib, mikroblarga chidamliligini oshiradi.
Halima Ahrorova, Andijon viloyati
«Qum va tuzlar yuvilib ketadi…»
— Menga bir dugonam o‘zi sinab ko‘rgan retseptlardan birini o‘rgatgandi. O‘shandan beri belimda salgina og‘riq sezsam, tezda shu damlamani tayyorlayman.
Bu damlamaning peshob haydash xususiyati ham bor. 1 osh qoshiq dalachoy (zveroboy) o‘simligi va shuncha miqdorda na’matak mevasini 3 stakan qaynagan suvda damlab, 20 daqiqa dam beriladi. Tayyor damlamadan bir kunda 3 mahal 1/4 stakandan ichiladi. 10 kun ichib, 10 kun dam olinadi. So‘ng yana shu tartibda ikki-uch marta takrorlash mumkin. Peshob ajralishi ortishi sabab buyrakda yig‘ilgan qum va tuzlar yuvilib ketadi.
Sevara Ilhomova, Samarqand shahri
Profilaktika uchun asal yeng!
— Buyrak shamollashi sabab qo‘l-oyoqlarda shish paydo bo‘lsa, asalli muolajani sinab ko‘rish mumkin.
Asal kasallikni davolovchi va oldini oluvchi profilaktik usul sifatida ham yaxshi natija ko‘rsatadi. Asalni bir kunda 80 gr.dan 120 gr.gacha qabul qilish mumkin. Ertalab och qoringa ozroq qaynagan suv bilan iste’mol qilish ayniqsa foydali. Buyrak faoliyati bilan bog‘liq xastaliklarda tog‘ asalining suyuq xilini tanlagan ma’qul.
Muhayyo Odilova, Yangiyo‘l shahri
Buyragingizda tosh bo‘lsa...
— Buyragimda tosh borligini aytishganida 35 yoshda edim. Ketma-ket davolansam ham toshlar butunlay chiqib ketmasdi. Og‘riqdan ko‘zimga hech nima ko‘rinmay qolgan kunlarda nima taklif qilishsa, rozi bo‘ladigan darajaga yetdim. Shunda bir tanishim g‘alati retsept haqida aytib berdi.
Unga ko‘ra mayizning cho‘pini olib tashlab, o‘rniga yumaloq murch donasini joylash kerak ekan. So‘ng birinchi kuni bir dona mayizni yaxshilab chaynab yeyiladi. Ikkinchi kuni ikkita, uchinchi kuni uchtagacha yetkazilardi. «Shu tariqa 10 ta murchli mayizni yeb bo‘lgach, bir kun dam olib, teskarisiga hisobni davom ettirasiz», dedi. Ya’ni 10 dona mayizdan boshlab, bitta qolgunicha yeyilardi. Xullas, shu muolajani sinab ko‘rganimdan so‘ng buyragimda toshlar yig‘ilishi asta-sekin kamaydi. Keyin bilsam, mayiz murch bilan birga yeyilganda buyrakdagi har qanday turdagi toshni maydalab, tozalar ekan.
Hilola Usmonova, Farg‘ona viloyati
«Kashnich urug‘idan foydalanaman»
— Buyraklarimda hech qanday muammo yo‘q. Biroq turli taom va yeguliklar ta’sirida noxush holatlar kelib chiqmasligi uchun vaqti-vaqti bilan buyraklarni tozalab turaman. Bunda menga oddiy kashnich urug‘i qo‘l keladi.
1 choy qoshiq kashnich urug‘ini 0,5 litr qaynagan suvda damlab, usti yopiq idishda ertalabgacha qoldiraman. Damlamani iliq holatda kuniga 2-3 mahal qabul qilaman. Muolaja samaradorligini oshirish uchun kechasi 1 stakan suvga 2 osh qoshiq mayiz aralashtirib, ertasiga kun bo‘yi oz-ozdan ichaman. Mayizini esa yeyman. Bunday muolaja davomiyligi bir haftani tashkil etadi. Sodda ko‘ringani bilan bu muolajadan so‘ng buyraklar tozalanib, ortiqcha bezovtalik bo‘lmaydi.
Mohira Davlatova, Toshkent viloyati
Manba: Darakchi.uz