Bilasizmi?

Depressiya kasallikmi yoki ........

Kichik ko‘ngilsizliklar siqilishingizga arzimaydi, ammo kichik muvaffaqiyatlar quvonishingiz uchun sabab bo‘la oladi.

Kundalik tashvishlar, uyda va  ishdagi  kelishmovchiliklar, shaxsiy hayotdagi muammolar har qanday insonni tinchini buzadi, sog‘lig‘iga zarar keltiradi. Aynan shunday hayot, shovqin-suron , baqir-chaqirlar, ishning yurishmasligi hozirgi zamonda juda keng ildiz otib borayotgan kasallik –depressiyaning kelib chiqishiga asosiy sabab bo‘lib qolmoqda.

Xo‘sh depressiya nima? U kasallikmi yoki insonning ma’lum bir holatimi?

Psixologlarning fikricha depressiya , ya’ni tushkunlik bu - kasallikdir. Uni vaqtida davolamasa turli xil asoratlarga olib kelishi mumkin. Xo‘sh tushkunlikka tushgan odamni qanday bilish mumkin? Bunday insonlarning kayfiyati yomon bo‘ladi, hech narsaga qiziqmaydi. Eng qadrdon odamlari bilan ham muloqotda bo‘lishdan qochadi. Atrof muhitga befarq bo‘lib, faqat o‘zining muammosi va his-tuyg‘ulariga o‘ralashib qoladi. Go‘yoki butun hayoti shu muammoga bog‘lanib qolgandek, o‘zini baxtsiz, yolg‘iz, hech kimga kerak emasdek sezadi. Kuchli tushkunlikka tushgan odamlar hech narsa yemay- ichmay, qorong‘u xonaga qamalib olishlari mumkin. Bunday odamlarning ishtahasi yo‘qoladi yoki tinimsiz ovqat yeya boshlaydi. Buning natijasida tana vazni ortib ketib, turli xil kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Tushkunlikka tushishning keng tarqalgan og‘ir turlaridan biri distimiyadir. Bunda odam o‘zini doim omadsiz, keraksiz his qiladi. Bunday ahvoldan chiqib keta olmaydi. Doim o‘z joniga qasd qilishni o‘ylaydi.

Xo‘sh, tushkunlikning sabablari nima?

Hozirgi tibbiyot rivojlangan davrda ham tushkunlikning tub mohiyatlari to‘liq o‘rganilmagan. Asosan tushkunlikka organizmdagi fiziologik  jarayonlarning o‘zgarishi, o‘ta charchash, uyqusizlik, uzoq stressni boshdan kechirish, uzoq vaqt gormonal dorilarni qabul qilish, spirtli ichimliklar va giyohvandlikka ruju qo‘yish, ayniqsa, oiladagi kelishmovchiliklar, doimiy janjallar, javobsiz sevgi, ishning yurishmasligi sabab bo‘lishi mumkin. O‘smirlarda esa bu yanada murakkablashadi.   O‘smirlik yoshi dunyoqarash, e’tiqod, o‘zligini anglash va baholash kabi xususiyatlar shakllanadigan davr. O‘smir o‘z faoliyatini muayyan qaror, e’tiqod va shaxsiy nuqtai-nazari asosida tashkil qiladi va bu borada o‘z fikrlarini barchanikidan ustun qo‘ya boshlaydi.  Atrofdagi har qanday kishidan uning shaxsi haqidagi tanqidiy fikrlarni eshitgisi kelmaydi, xato bo‘lsa ham o‘z fikrida turishga harakat qiladi. Agar kattalar uning fikriga qarshi chiqishsa, unga qo‘pol muomilada bo‘lishsa  u juda tez tushkunlikka tusha boshlaydi. Uni tushunishmayotganlaridan siqiladi,  ba’zida kattalarni  o‘z joniga qasd qilib jazolamoqchi bo‘ladi.

Mana depressiyaga nimalar sabab bo‘lishini bilib oldik. Xo‘sh tushkunlikka tushmaslik uchun nima qilish kerak. Agar siz o‘zingizda yoki farzandingizda  shunday holatlarni kuzata boshlasangiz ruxshunos yoki psixoterapevtga murojaat qilgan ma’qul.

Tushkunlikka tushmaslik uchun har qanday hodisalarni yurgingizga olmang. Bu dunyoda hamma narsa o‘tkinchi. O‘tib ketgan ko‘ngilsiz voqea yo bo‘lmasa kelajakni o‘ylab bezovta bo‘lmang. Bugun bilan yashashga harakat qiling. Ko‘proq jismoniy mashqlar bilan shug‘ullaning. Tez-tez  toza havoda piyoda sayrga chiqib turing. Ayni bir vaqtda uxlab turishga, 7 soatdan kam uxlamaslikka harakat qiling. Ishdan so‘ng kechasi qolib ishlamang. Vaqtli yotib, vaqtli turing. Eng avvalo fikrlaringizni tartibga keltiring. Yaxshi narsalar haqida o‘ylashga, sizni xafa qiladigan xotiralarni unutishga harakat qiling. Hayotning har bir daqiqasidan, har bir hodisasidan yaxshilik, go‘zallik topishga , kun davomida birir bir kishiga kichkinagina bo‘lsa ham yaxshilik qilishga intiling. Bu o‘zingiz uchun foydali . Birovga yaxshilik qilsang u senga 10 barobar bo‘lib qaytadi. Bu tabiat qonuni. Hammaga kulib qarang. Bu dunyoda sizdanda baxtsizroq odamlar ham yashab yurishganini unutmang.

Doim hayotda erishgan yutuqlaringizni eslab turing. Kun davomida sog‘ligingiz, oilangizning tinchligi, omadingiz uchun shukrona keltirib yuring. Qachonki o‘zingizga, o‘z kuchingizga, irodangizga   qalban ishonar ekansiz, har qanday dipressiya holatidan chiqib keta olasiz. Unutmang, ertangi kun bugungidanda baxtliroq, omadliroq, fayzliroq bo‘ladi. Ertangi kunga ishonch bilan qarang. Siz fikran kuningiz qanday o‘tishini rejalashtirsangiz, tabiat shunday kunni sizga  in’om etadi.

Dilbar Hamdamova, psixolog