Bilasizmi?

Do‘kon yoki bozor: qaysi biri afzalroq?

So‘nggi vaqtlarda Toshkentda har qanday did va hamyonga mos tushuvchi do‘konlarga to‘la ko‘plab savdo markazlari ochildi. U yerda qishki qiyimlardan tortib, paypoqqacha bo‘lgan har qanday kiyim-kechakni tanlab olish mumkin, shunga qaramay, ko‘pchilik bozorlardan buyum xarid qilishni afzal ko‘rmoqda. Nima uchun? Biz uning asosiy sabablarini aniqlashga qaror qildik.

Assortiment

Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, o‘nta do‘kondagi assortiment bitta katta bozorda sotilayotgan anvoyi kiyim-kechaklar o‘rnini bosa olmaydi. Nostandart kiyim o‘lchami, aniq bir narsa sotib olish istagi (masalan, yashil poyabzal) va boshqa omillar bizni qadrdon buyum bozoriga borishga undaydi.

Narx

Bu bozorlar yutib chiqishini ta’minlaydigan asosiy mezon bo‘lsa, ajab emas. Misol uchun, do‘konlarda jinsi shimlarning o‘rtacha narxi 100—600 ming so‘m atrofida, bozorda esa munosib variantlarini 60—70 ming so‘mga ham topa olasiz. Bozorda futbolkalarni 15—30 mingga, yubkalarni 40—50 mingga xarid qilish mumkin. Xitoy yoki Turkiyada ishlab chiqarilgan nisbatan yaxshigina poyabzalni 70—80 mingga topish mumkin, 100 mingga esa bir nechta mavsumga chidaydigan krossovka sotib olish mumkin.

Va albatta, bozorda savdolashish imkoniyatining borligi ham kishini o‘ziga jalb qiladi — buyumni 2—3 ming so‘mga bo‘lsa ham arzonlashtirib sotib olishni kim ham istamaydi, deysiz?

Sog‘lom aql

Shunisi qiziqki, biz so‘rovdan o‘tkazgan kishilarning har biri bir xil vajni keltirdi: bozorda ham, do‘konda ham bir xil narsa sotiladi-ku, qimmatga olishdan ma’no nima?

Ular bilan bahslashish qiyin — bozorda 100 mingga sotilayotgan oyoq kiyim «elita» do‘konida bir necha baravar qimmatroq sotilayotganini ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak.

Shopingning qanday turini afzal ko‘rishni o‘zingiz hal qiling, asosiysi u sizga huzur-halovat keltirsin!

Manba: Daryo.uz