Bora-bora ko‘proq kasb va hunarlar robot va mashinalarga topshirilmoqda. Bozor iqtisodiyoti samaradorlikka chaqiradi, shuning uchun korxonalar yoki do‘konlar o‘z ishchisini to‘lash kerak bo‘lmagan va xatoliklarga yo‘l qo‘ymaydigan avtomat bilan almashtirmoqda. Aslini olganda, bu yangilik emas, texnologiyalar rivojlanavergani sari bir kasb o‘rnini boshqasi egallab boradi. Quyida e’tiboringizga texnologiyalar taraqqiyoti sharofati bilan yo‘qolib ketgan kasblarni havola eramiz.
Uyg‘otuvchi odam (inglizchada knosker-up deb atalgan)
Ushbu kasb Angliya va Irlandiyada sanoat inqilobi davrlarida mavjud bo‘lgan va o‘tgan asrning 20-yillaridagina — budilnik soat keng tarqalgach, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan. Tadbirkorlar bunday kishilarni ishchilarni smenadan oldin uyg‘otishi uchun yollagan: ular tongda shaharni kezib, uzun tayoq bilan uylarning derazalarini taqillatib yurgan.
Ma’ruzachi
Hozirda ma’ruzachi deganda universitet domlasi ko‘z oldimizga keladi, biroq XX asr boshlarida ushbu termin bilan ishchilarning ko‘ngilochar mashg‘ulotlaridan biri atalgan. Ma’ruzachilar sigara fabrikalarida ishlagan: ular ishchilar zerikib qolmasligi uchun gazeta va boshqa matnlarni ovoz chiqarib o‘qib turgan. O‘sha asrning 20-yillariga kelib, ma’ruzachilar o‘rnini radio egalladi.
Muz tashuvchi
1940-yillarda sovitgichlar keng tarqalguniga qadar odamlar oziq-ovqatlarni muz solingan javonlarda saqlagan. Muzga bo‘lgan ehtiyoj tufayli vazifasi muzlagan ko‘l va daryolardan muzni o‘yib olib, uyma-uy tarqatib yurishdan iborat yangi kasb paydo bo‘ldi. Sovitgichlar tufayli, ushbu kasb deyarli yo‘qolib ketgan bo‘lsa-da, haligacha muz yetkazib berish xizmati mavjud (masalan, restoranlarga).
Yog‘och oqizuvchi
XIX asrda yog‘och kesuvchilar tomonidan qulatilgan daraxtlar taxta tilish zavodiga daryolarda suzib borgan. Qishda kesilgan daraxtlar daryoning muzlagan sathida yig‘ilib qolib, bahor kelishi bilan muz erigach esa oqim bo‘ylab suzib ketgan. Yog‘och oqizuvchilar qirg‘oqda uzun tayoqlar bilan xodalarni to‘g‘ri yo‘naltirgan va yo‘ldagi turli to‘siqlarni olib tashlagan. XX asr boshida temir yo‘llar va ko‘chma taxta tilish uskunalaridan foydalanila boshlagach, ushbu kasb dolzarb bo‘lmay qoldi.
Chiroqchi
Elektr chiroqlar paydo bo‘lguniga qadar ko‘plab katta shaharlar gazli chiroqlar bilan yoritilgan, ularni esa yoqib chiqish kerak bo‘lgan — va bu bilan maxsus kishilar shug‘ullangan. Chiroqchilar uzun narvonlar orqali chiroqqacha ko‘tarilib, uni gugurt yoki moychiroq bilan yoqqan.
Telefonchi ayol
XIX asr oxirida birinchi tijoriy telefon liniyasi ishga tushganida dastlab o‘spirin bolalarni ishga yollashgan. Biroq ular o‘yinqaroqlik qilib, qo‘ng‘iroq qilganlarni laqillata boshlagach, kompaniyalar ishga ayollarni ola boshlagan. Telefonchi ayollar maxsus shnurlanadigan taxta qarshisida o‘tirib, turli telefon liniyalarini bir-biriga yoki biridan olib, boshqasiga ulagan. Telefon operatorlari 1980-yillargacha ham qo‘lda ana shu tarzda ishlashgan.