Salomatlik

Ehtiyot bo‘ling, yozgi angina!

Bu holatga deyarli har birimiz duch kelamiz. Ba’zilar esa shu kasallik bilan umrbo‘yi kurashib kelishadi. Yozning jazirama kunlaridagi angina esa ikki karra muammoli. Gap oddiygina tomoq og‘rig‘i haqida ketmoqda. Lekin mana shu oddiy og‘riqni vaqtida davolamasangiz, asorati muhim a’zolar, ayniqsa yurakda sezilishi mumkin. Ushbu kasallik haqida shifokor-otolaringolog Timur MADAZIMOV ma’lumot beradi.

Ko‘p yillardan beri anginadan aziyat chekaman. Bu kasallikning sababi nimada? Nima qilsam uning hurujlaridan saqlanishim mumkin?

Shohida, Toshkent shahri

TARQATUVChISI O‘ZINGIZDA

Odamning tomog‘i istalgan mikrob-virus uchun ochiq darvozadek gap. Ammo biz doim kasal bo‘lmaymiz. Sababi, aynan tomoqda mikroblarni o‘tkazmaydigan limfa uzugi bor. U yerdagi killer-hujayralar tomoqqa yaqinlashgan kasallik chaqiruvchi bakteriyalarni qirib tashlaydi. Ba’zan qo‘zg‘atuvchi ichingizda – quloq, burun, kariyesli tishlar, hullas, yallig‘lanish o‘chog‘ida tinchgina yashaydi. Kuchli charchoq, yoz kunlari konditsioner tagida o‘tirish, muzdek suvni huzurlanib ichish, hatto qattiq asabiylashish ta’sirida immunitet sustlashsa, kasallik boshlanadi. Angina xasta odam bilan yaqin muloqotda bo‘lganda ham yuqadi.

BELGISIGA E’TIBOR BERING

Bodomcha bezlari yallig‘langani sabab, tomoq qichishadi, behollik qiynaydi, yutinganda tomoqda og‘riq seziladi. Bu yengil turi bo‘lib, vaqtida davo choralari ko‘rilsa, 3-4 kunda o‘zingizga kelasiz. Ammo anginaning kuchliroq (follikulyar) turiga uchragan bo‘lsangiz, kasallik baland isitma bilan boshlanadi, odam titraydi, og‘riq quloqda, mushak, qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari, hatto belda seziladi, ishtahasi bo‘g‘iladi. Kasallikning bu turi 10 kundan ziyod davom etishi mumkin.

DORINI FAQAT ShIFOKOR BUYuRSIN

Dorivor vositalarni faqat shifokor tavsiyasi bilan qabul qilish kerak. Odatda, antibiotik yordamiga tayaniladi. Shu yo‘l bilan kasallik surunkali tus olmaydi. Asosiysi, bu davrda davoni «yaxshi bo‘lib qoldim-ku», deya to‘xtatmang. Chunki organizmda mikroblar qolib ketib, keyinchalik shu antibiotik umuman yordam bermay qo‘yadi. Tomoq og‘rig‘ining ilk belgilarini sezishingiz zahoti, keyin asorati bo‘lmasligi uchun 2 kun, albatta, yotib dam oling. Ovqatni kamroq yesangiz-da, suyuqlikni tez-tez, iliq (qaynoq emas) holda iching. Kasallikdan keyin immunitetni ko‘tarish ishlari – chiniqish, badantarbiya bilan shug‘ullanish va og‘izni har kuni sho‘r suvda chayish sizni kasallikdan asraydi.

GIGIYeNA MUHIM

Angina yuqumli kasallik! Oila a’zolariga yuqmasligi uchun, idish-tovog‘ingizni alohida qiling. Bu shaxsiy buyum va anjomlarga (sochiq, yotoq choyshab va h.k.) ham tegishli.

  • Uzoq vaqtdan beri yiringli anginadan qiynalaman. Tabibga borganimda kasalimni davolashda bir usuldan foydalandi: qulog‘imdan qon chiqardi. Ushbu usul haqiqatan ham anginada kor keladimi?
  • Avvalo, tabib aniq qanday muolaja qilganini bilmaymiz, balki u quloq atrofiga zuluk qo‘ygandir? Buning ta’sirida bemorning tana harorati pasayib, ahvoli yaxshilangan bo‘lishi ham mumkin. Unutmang, har bir bemorga buyuriladigan davo individual (uning o‘ziga xos) bo‘lishi kerak. Axir bir kishiga kor kelgan usul boshqa bir odamda allergik reaksiya chaqirishi yoki undan-da noxush holatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Maslahatim, bu kasallik bilan bevosita shug‘ullanadigan terapevt, LOR shifokori ko‘rigidan o‘tib, tegishli tahlillar topshirgan holda davolaning. Noan’anaviy tibbiyotga qiziqsangiz, uy sharoitida quyidagi davo choralarini qo‘llashingiz mumkin:

Nafisa, Toshkent viloyati

Shotut, anor sharbatlarini isitib ichish anginani quvishga yordam beradi.

*Lavlagi sharbatini 1-2 limon shirasi bilan aralashtirib, tomoq chayiladi. Aralashma tezkor va samarali davo beradi.

*Shivitli choyni kun davomida ichib yuriladi va tomoq chayiladi.

*Qalampirmunchoq damlamasida og‘iz chayiladi.

*Bug‘doy qipig‘ini qaynatib, suvini kun davomida iliq holatda ichiladi.

*Asalari mumini 10 daqiqa davomida chaynab keyin tuflab tashlanadi.

OLDINI OLISh OSONROQ!

Anginaga chalinmaslik uchun sizni hech narsa bezovta qilmasa-da, LOR shifokoriga borib, quloq-tomoq-xalqum a’zolarini yaxshilab tekshirtirib, tomog‘ingizni 1-2 marta yuvdirish kerak. Bu bilan tomoq-xalqumdagi yallig‘lanish yo‘qotiladi va kasallikning oldi olinadi. Afsuski, bu yo‘ldan deyarli hech kim foydalanmaydi. Vaholanki, bu bilan halovatingiz, vaqtingiz va naqdingizni asrab qolasiz. Tishlardagi kariyes, ayollarda sistit va boshqa yallig‘lanishlarni o‘z vaqtida davolasangiz, asosan meva-sabzavotlar va sharbatlarni ko‘p-ko‘p iste’mol qilsangiz, angina sizga yaqinlashmaydi.

Barno XOJIMIRZAYeVA tayyorladi

Manba: Darakchi.uz