Bilasizmi?

Ehtiyot bo‘ling, eshiklar yopiladi. Keyingi bekat... Ayollar!

Transport turlari ichida eng yoqtirganim - metro. Tez-tez qatnaydi. Shinam, chiroyli. Yozda salqin, qishda esa issiq. Hulas, har tomonlama qulay. Shu bois biror joyga borishni rejalashtirsam transportning boshqa turlaridan ko‘ra ko‘proq metroni afzal ko‘raman.

Bahor kelib, har tomondan ayollar sha’niga iliq so‘zlar so‘zlanayotganidanmi, bilmadim, tunov kuni metroda ketayotib bir narsa diqqatimni tortdi. Bugungi kunda Toshkent metropolitenida uchta yo‘nalish faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yo‘llarda jami yigirma to‘qqiz bekat mavjud. Yana uch bekat qurulish jarayonida, to‘rttasi esa loyihalashtirilmoqda. Har doim bekatlar nomi e’tiborimni tortadi. Kimlarning, nimalarning nomiga qo‘yilgan, nima uchun, qanday munosabat bilan degan fikrlar o‘tadi hayolimdan. Vagon devoriga osig‘liq ro‘paramdagi chizmaga qarayman. Bekatlarga nomi qo‘yilgan mashhur insonlarning ismlarini bir bir o‘qiyman. Pushkin, Hamid Olimjon, Hamza, Mirzo Ulug‘bek, Sobir Rahimov. Chkalov, Oybek, Alisher Navoiy, G‘afur G‘ulom, Beruniy. Yunus Rajabiy, Abdulla Qodiriy, Habib Abdullayev.

Taajjub, o‘n uchta bekatga mashhur shaxslar ismlari berilibdiyu loaqal bittaginasiga ayol kishining nomi berilmabdi. Balki qurilayotgan yoki loyihalashtirilayotgan bekatlarning birortasiga ayol nomi berilgandir deb yana chizmaga qaradim. Yana ayollar yo‘q: Bobur, Usmon Nosir, Fayzulla Xo‘jayev. Yuqorida nomlari zikr etilgan taniqli shaxslar sha’niga til tekkizmoqchi emasman, ularning har biriga bir emas, yigirmalab bekat nomi qo‘yilsa arzigulik ish bo‘ladi, lekin nahotki shunday katta metropolitenimizda loaqal bir bekat ayol nomi bilan atala olmasa?

Yurtimizda mashhur ayollar kammi? Uzoq moziyga nazar tashlayman. Mardonavor To‘maris, sohibqiron Amir Temurning suyukli yori, maslahatgo‘yi Saroymulkxonim, Mirzo Ulug‘bekning onasi, aqlu zakovat bobida benazir Gavharshodbegim, mumtoz adabiyotimizga go‘zal g‘azallari bilan mislsiz hissa qo‘shgan Zebunisobegim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otinlar… Har biri bir olam.

Yaqin tariximizda ham talaygina ayollar iz qoldirib ketishgan. Mardlik va jasoratda erkaklarga ham o‘rnak bo‘la oladigan Qurbonjon Dodho, go‘zallik va nafosat kuychilari Zulfiyaxonim, Saida Zunnunova, O‘zbek san’atini dunyoga tanitgan Mukarrama Turg‘unboyeva, Halima Nosirova, Zaynab Sadriyevalar. Bu ro‘yxatni hali uzoq davom ettirish mumkin.

Biz faxr bilan tilga oladigan ajdodlarimiz ayollar nomiga inshootlar qurdirmaganmilar? Samarqand husniga husn qo‘shib turgan Bibixonim masjid-madrasasi, O‘z vaqtida eng mashhur madrasalardan hisoblangan Gavharshodbegim madrasasi, Akbarshox suyukli yori uchun qurdirgan va dunyoning mo‘jizalaridan hisoblanadigan Toj Mahal.

Bugun yurtimizda ayollarga har jabhada juda katta e’tibor qaratilayotgani sir emas. Toshkent metrosi go‘zal poytaxtimizning visit kartasi desak ham bo‘ladi. Kelgan odam metro bekatlari, ularning nomlari, u yerlarning bezaklarini ko‘rib, tariximiz, madaniyatimiz haqida ozmi-ko‘pmi tasavvurga ega bo‘ladi. Shunday ekan, yurtimizda ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibornig belgisi sifatida yangi bekatlarga ayollar nomlari berilsa juda go‘zal ish bo‘lardi.

Mufazzal

[мессаге тйпе="инфо" титле="Инфо"]Mazkur maqola ayol.uz saytida 2008 yil 6 Mart kuni chop etilgan edi. Shu paytdan beri bu yerda nomi sanab o‘tilgan ba’zi metro bekatlarining nomi o‘zgartirilgan bo‘lsada bu maqola hali ham do;lzarb deb bilamiz.[/мессаге]