Adliya vazirligi Toshkent va Toshkent viloyatiga doimiy propiskaga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari toifalari ro‘yxatining 5-bandi hamda O‘zbekiston fuqarolarining Toshkent va Toshkent viloyatiga doimiy propiska va yashash joyi bo‘yicha hisobga qo‘yish tartiblari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartishlar loyihasini tayyorladi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
Bugun er yoki xotin 5-band bo‘yicha Toshkent va Toshkent viloyatiga doimiy propiskaga kirishi uchun ulardan biri doimiy propiska uchun murojaat qilgan vaqtdan boshlab eng kamida bir yil birga yashashi talab qilinadi. Mazkur talabni o‘zgartirish taklif qilinmoqda. o‘zgartish tasdiqlangan taqdirda, er (xotin) turmush o‘rtog‘i doimiy propiskaga qo‘yilgan joyga u bilan birga yashagan vaqtidan qat’i nazar doimiy propiskaga kirishi mumkin.
Bunda qonun loyihasini ishlab chiquvchilar 2016 yilda amalga joriy etilgan qoidani saqlab qoldi. Unga ko‘ra, doimiy propiskaga qo‘yilgandan bir yil ichida nikoh bekor qilinsa, doimiy propiskani olish to‘g‘risidagi qaror ham o‘z kuchini yo‘qotadi. Mazkur chora propiska olish maqsadida soxta nikohdan o‘tish holatlariga chek qo‘yish uchun joriy etilgan.
Bundan tashqari, Toshkent va Toshkent viloyatiga doimiy propiskaga qo‘yish uchun talab qilinuvchi hujjatlar ro‘yxatiga o‘zgartishlar kiritish ham rejalashtirilgan. Jumladan, 5-band bo‘yicha propiska olish uchun turar joy hujjatlari nusxasi va mulk egasining (egalarining) turar joy maydonini taqdim etishga rozilik arizasi yoki arizani shaxsan topshira olmaydigan holatda notarial tasdiqlangan arizani taqdim etish talab qilinmasligi mumkin.
Hujjatlar loyihalari muhokamasida yuqoridagi havolalar orqali ishtirok etish mumkin.