Bilasizmi?

Go‘zallik va kimyo: kosmetologiyada qanday kislotalar ishlatiladi?

Gialuron kislota, retinol kislota, salitsil kislota… Siz bu nomlarni kremlar tarkibi haqidagi yorliqlarda ko‘p uchratgan bo‘lishingiz kerak. Haqiqatan ham, bu moddalarning qanday foydali tomoni bor?

Gialuron kislota – inson organizmidagi turli to‘qima va biologik suyuqliklarda bo‘ladi. Uning bitta molekulasi suvning mingtagacha molekulasini tortadi va ushlab turadi. Shuning uchun, teringizning quruq bo‘lishini xohlamasangiz, tarkibida «gialuron» bo‘lgan kremlarga e’tibor qarating.

Ferul kislota – tarkibida teri qarishining oldini oluvchi antioksidantlarning ko‘pligi jihatidan eng yuqori o‘rinda turadi. Agar, qimmat kremlarga mablag‘ sarflashni xohlamasangiz, organizmdagi bu modda yetishmovchiligiga ko‘proq ko‘katlar iste’mol qilish yordamida barham berishingiz mumkin.

Salitsil kislota — kosmetologiya afsonasi desa ham bo‘ladi. U antibakterial, antiseptik va shamollashga qarshi vositadir.

Retinol kislota – qarilik bilan kurashishda eng foydali yordamchi hisoblanadi. U dermatologlar tomonidan teridagi uchta muammoni bartaraf etish maqsadida tavsiya qilingan: akne, ajinlar va pigmentatsiya.

Shuni esda tutingki, agar teringizdagi muammo sababi sog‘lig‘ingiz bilan bog‘liq bo‘lsa, hech qanday kosmetik vosita sizga yordam bera olmaydi. Yaxshisi, shifokorga murojaat qilib, davolanganingiz ma’qul.

Manba: Daryo.uz