Bilasizmi?

Jahon Banki: O‘zbekistonda xotin-qizlar uy qiynoqlari va tegajog‘likdan qonunga ko‘ra himoyalanmagan

2017 yil davomida global internet nashrlarida katta shov-shuvga aylangan ayollarga tajovuz qilish holati muhokamalarga sabab bo‘lganiga qaramay, Women and the Law​ 2018 hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik bazasi 100 ballik baholash mezonidan 0 ballga teng, deya e’tirof qilinmoqda, deb yozadi Kun.uz.

Jahon banki tomonidan har yili e’lon qilinadigan hisobotda ta’kidlanishicha, ayollar huquqini to‘liq ta’minlashga qaratilgan qonunchilik normasiga ega bo‘lmagan 21ta davlat orasida Rossiya, Mikroneziya, Yaman, Janubiy Sudan, Suriya, Myanma va O‘zbekiston ham bor.

Hisobotni tayyorlash uchun «ayol va erkaklarga pasport berish tartibi turlichami?» degan savoldan boshlab, jamiyatda qizlarga tegajog‘lik qilish mavjudligigacha o‘rganilgan.

Mamlakatda barcha mehnatga layoqatli aholining 42 foizini tashkil etuvchi ayollar uy va xonadon sharoitida uchragan tazyiq, qiynoq va qo‘pollikdan qonun bo‘yicha himoyalanmaganiga alohida urg‘u berilgan. Shuningdek, ayollar va erkaklar ish joyida bir xil vazifa, foyda va imkoniyatlarga ega emasligi, pensiya yoshidagi tafovutlarga e’tibor qaratilgan.

Ta’kidlash joizki, ayni paytda dunyo bo‘ylab 144ta davlatda uy tazyiqlari yoxud qiynoqlariga duchor qilingan ayollarni himoya qiluvchi alohida qonunlar qabul qilingan. Shuningdek, 130ta davlatda jinsiy zo‘ravonlik uchun javobgarlik alohida ko‘rsatib o‘tilgan.