Madaniyat

Jarroh tig‘isiz eng kamida 5 yoshga yosharamiz!

Osilib qolgan qovoqlar, lab burchaklarining pastga tushishi, mayda ajinlar har bir ayolni tashvishga solishi turgan gap. Ulardan xalos bo‘lish uchun uy sharoitidagi parvarish yetarli bo‘lmayotgani aniq, biroq jarrohlik haqida o‘ylashga hali juda erta. Nima qilish kerak? Vaqt o‘tishini kutib o‘tirish kerakmi yoki muammoning yechimini izlash? O‘zi zamonaviy kosmetologiya qanday yechimlarni taklif etmoqda? Bu haqda mutaxassis ..... ma’lumot beradi.

3D mezoiplari

Zamonaviy kosmetologiya ajinlarning oldini olish va mavjudlarini bartaraf etishda nafaqat ukollarni balki boshqa usullarni ham taklif etmoqda. Shulardan biri tredlifting deb nomlanadi. Bunda ma’lum vaqtdan keyin so‘rilib ketadigan maxsus iplar teri ostiga joylashtiriladi. Tredlifting asosan ikki usul Aptos usulida va 3 D mezoiplari bilan amalga oshiriladi. Keling, birinchi navbatda 3 D mezoiplari haqida ma’lumot bersak. Bunda shprits ignasining uchiga joylangan juda ingichka iplardan foydalaniladi. Amaliyotdan avval teri tozalanib, og‘riqsizlantiruvchi surtma surtiladi. Qaysi sohaga diqqat qaratish kerakligi aniqlanib, belgilab olinadi. Keyin igna teri ostiga kiritiladi, ignaning ichidagi ip qoldirilib o‘zi sug‘uriladi. 3 D mezoiplari nafaqat terini tortadi, balki to‘qimalarning jipsalishishga ham ko‘maklashadi. Iplar tahminan 180-240 kun turganidan so‘ng suv va karbonat angidridga aylanib, organizmga singib ketadi. Lekin natija yana 2-3 yil davomida saqlanib qoladi. Bu muddat tugagach esa amaliyotga yana murojaat qilishingiz lozim. Bugungi kunda 3 D mezoiplarining uch turi keng tarqalgan bo‘lib, tekisi qarishning oldini olish va mayda ajinlarni bartaraf etishda qo‘llaniladi. Spiral ko‘rinishidagisi chuqur ajinlar va teridagi burmalardan xalos etadi. Maxsus tishchali turlari esa natijaning uzoqroq saqlanib turishiga ko‘maklashadi. Ya’ni terining tarangligi 4 yilgacha ko‘rinishini yo‘qotmaydi. Mutaxassis muammoning turiga qarab, 15 tadan 50 tagacha mezoiplardan foydalanishi mumkin. 3 D mezoiplari bilan amalga oshirilgan muolajadan so‘ng, ikki hafta o‘tib piling, mezoterapiya, botoks kabi muolajalarni o‘tkazsangiz bo‘ladi.

Bir dona mezoipning o‘rtacha bahosi: 30 000 so‘m.

Aptos usuli

Qo‘llash texnikasi 3D mezoiplari bilan o‘xshash bo‘lsa-da, Aptos amaliyoti mahalliy og‘riqsizlantiruvchi vosita yordamida o‘tkaziladi. Bunda ignalar ham kattaroq bo‘lib, teriga 3-5 mm. chuqurlikda kiritiladi. Demak ip kerakli nuqtaga yetkazilgach undagi maxsus tishchalar ortga qaytishiga to‘sqinlik qilib, terini tortadi va natijani uzoq muddat saqlab qolishga ko‘maklashadi. Amaliyot 15-30 daqiqa davom etib, reabilitatsiya davri(7-18 kun)ni tashkil etadi. Bu paytda yuzda shishlar kuztilishi mumkin. 50 yoshdan oshgan ayollarga esa amaliyotning singib ketmaydigan iplar yordamida o‘tkaziladigan turi tavsiya etiladi.

Necha yoshda qo‘llash mumkin?

Odatda, tredlifting amaliyoti 40 yoshdan oshgan ayollarga tavsiya etiladi. Biroq muammo ertaroq yuzaga kelgan bo‘lsa, 30dan keyin 3 D mezoiplar usuliga murojaat qilishingiz mumkin.

«Aynan qaysi muammolarni bartaraf etadi?»

Tepa qovoq va qoshning osilib qolishi, burun artofidagi ajinlar, qoshlar orasidagi burmalar, peshanadagi gorizontal chiziqlar, labning ikki chetidagi ajinlar, quloq atrofidagi teri va iyakning osilib qolishi hamda baqbaqadan xalos bo‘lishini istasangiz, bemalol tredlifting muolajasiga murojaat qilsangiz bo‘ladi. Muhimi, bir necha soat ichida 5-6 yoshga yosharasiz. Oylar o‘tishi bilan natija yanada ko‘proq ko‘zingizni quvontira boshlaydi.

Qarshi ko‘rsatmalar:

  • terining yallig‘lanishi;
  • o‘tkir infeksion xastaliklar;
  • onkologik xastaliklar;
  • terining chandiqlarga moyilligi;
  • gemofeliya (qon kasalliklari);
  • autoimmun kasalliklar;
  • homiladorlik va emziklilik davri;
  • nevroz va psixoz xastaliklarida amaliyotni o‘tkazish taqiqlanadi. Muolajadan so‘ng kamdan kam hollarda asoratlar yuzaga kelishi mumkin. Asosan mutaxassis yetarlicha malakaga ega bo‘lmaganida yoki ayol mutaxassis ko‘rsatmalariga rioya qilmaganida yallig‘lanish yuzaga kelishi mumkin.

Amaliyotdan keyin

  • Bir hafta davomida mimik mushaklarni imkon qadar kamroq harakatlantirish lozim. Chunki aynan shu pallada ip arofida elastin va kollagenlar to‘plana boshlaydi. Aynan shu moddalar natijaning uzoqroq saqlanishiga xizmat qiladi;
  • 12 soatdan keyingina dekorativ kosmetika vositalarini qo‘llash mumkin;
  • quyoshda toblanish, solyariy, hammom va saunalarni ham 2–3 haftaga ortga surishingizga to‘g‘ri keladi;
  • Aptos usulini tanlasangiz, ikki oy davomida piling, in’yeksion va apparatli muolajalarni o‘tkazish mumkin emasligini inobatga olib qo‘ying.

Maftuna tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi