Inson tanasi yurish uchun yaratilgan. Ajdodlarimiz kun bo‘yi dalalarda ishlagan yoki soatlab o‘rmonlar kezgan. Biroq hayotimizga televideniye, kompyuterlar va ofisda ishlash kirib kelgach, odamlar bir kunda o‘rtacha 9,3 soat vaqtni o‘tirib o‘tkaza boshladi. Bu hattoki, uyqu vaqti (kuniga o‘rtacha 7,7 soat)dan ham ko‘proq demakdir.
Tanamiz bunday hayot tarzi uchun moslashmagani sababli qiynaladi va natijada sog‘liq bilan aloqador muammolar yuzaga keladi. Bular — tayanch-harakatlanish tizimi kasalliklari (umurtqaning qiyshayishi, radikulitning zo‘rayishi, barmoqlar, qo‘l panjalari va bilaklar asab-mushak faoliyatining buzilishi)dan tortib, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, gemorroy, bosh og‘rig‘i va semizlikkachadir.
Shvetsiyadagi Karolina instituti olimlari aniqlashicha, yetarlicha harakat faolligi mavjud bo‘lmaganda, odamda keksayish jarayonlari genetik darajada tezlashadi.
Professor May-Lis Xelleniusning ma’lum qilishicha, qarilik jarayonining boshlanishi telomerlar — DNK uchlarining kaltalashishi bilan namoyon bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, odamlarning ishlash qobiliyati pasayib, salomatligining salbiy tomonga o‘zgarishiga olib keladi.
Kamharakat hayot tarzi bilan bog‘liq ba’zi faktlar:
- Turgan holatda ishlaydigan kishilardan farqli o‘laroq, o‘tirib ishlaydiganlarda yurak va qon-tomir kasalliklarini orttirib olish xavfi 2 barobar ko‘p bo‘ladi.
- Organizm o‘tirgan holatga o‘tishi bilan yog‘larni erituvchi enzimlarni ishlab chiqarish 90 foizga kamayadi, kaloriyani yo‘qotish tezligi daqiqasiga bittaga tushib qoladi.
- Bir necha soat o‘tirishdan so‘ng xolesterol 20 foizga oshadi, kresloda o‘tkazilgan 24 soatdan so‘ng esa insulin darajasi 25 foizga pasayadi, natijada diabet yuzaga kelishi xavfi oshadi.
- Odam turgan holatida o‘tirganidan ko‘ra 3 marta, yurgan holatida esa 5 marta ko‘proq kaloriya yo‘qotadi.
To‘g‘ri, kamharakat hayot tarzi zararlari haqida gapirganimiz bilan, bunday kundalik hayotdan voz kechib bo‘lmaydi: ko‘pchiligimiz uchun 8 soat o‘tirib ishlash zaruratdir. Biroq o‘tirib ishlash vaqtida ba’zi qoidalarga rioya qilish va ishdan keyingi vaqtni to‘g‘ri o‘tkaza bilish orqali ba’zi oqibatlarning oldini olish mumkin.
To‘g‘ri o‘tiring!
Stul suyanchig‘ining qiyalik burchagi 135 gradusga teng bo‘lishi lozim, shunda oldinga engashib, yoki hatto to‘g‘ri o‘tirgandagiga nisbatan, belga kam og‘irlik tushadi. Tizzalarni ustma-ust qo‘yib o‘tirish yaramaydi, bu oyoqdagi qon aylanishini izdan chiqaradi. Tizzalar tos suyagi bilan bir xil balandlikda yoki undan sal pastroqda joylashishi lozim.
Nafas oling
Organizmingizga kislorod g‘amlab oling: axir ofisda va odam ko‘p bo‘lgan har qanday binoda uning havodagi miqdori atigi 17—19 foizga teng bo‘ladi. Ochiq tabiat qo‘ynida esa ushbu ko‘rsatkich 23—25 foizni tashkil etadi.
Toza havoda besh daqiqalik mashqlar ham stress darajasini pasaytirib, kayfiyatni ko‘taradi va diqqatni jamlash qobiliyatini oshiradi.
Ovqatlanish ratsioni va rejimini qayta ko‘rib chiqing
Kamharakat hayot tarzi moddalar almashinuvini sekinlashtiradi, sizning vazifangiz uni tezlashtirishdan iborat. Buning uchun ertalab och qoringa bir piyola iliq suv iching, yarim soatdan so‘ng esa to‘yimli, biroq og‘ir bo‘lmagan nonushta tanovvul qiling: organizmga bu vaqtda oqsil, uglevod va kletchatka (so‘li yormasi, yong‘oq, sut mahsulotlari, banan, olma va boshqa mevalar) zarur. Har 2,5—3 soatda kam-kamdan ovqatlanib turing. Qon quyilib qolmasligi va o‘zining barcha funksiyalarini bajarishda davom etishi uchun yetarli miqdorda suv iching.
Sport bilan shug‘ullaning
Yumshoqqina divan quchog‘idan chiqib ketish uchun o‘zingizga yoqimli bo‘lgan sport turini tanlang: velosipedda uching, basseynga boring yoki shunchaki tabiat qo‘ynida sayr qiling — biroq bu bilan muntazam ravishda, har kuni shug‘ullaning.
Umuman, kun davomida o‘rningizdan turib, oyoq-qo‘lning chigilini yozish uchun har qanday imkoniyatdan foydalaning: liftdan voz keching, choy keltirish uchun chiqing , shunchaki deraza oldiga boring va biryo‘la ko‘zlaringizni ham mashq qildiring.