Bilasizmi?

Kartoshka og‘riqqa, shamollashga qarshi davo

Kartoshkani “ikkinchi non” deyishadi. Bu sabzavotning ko‘pgina kasalliklarga shifo ekanini eshitib kelardim. Yaqinda bir dugonam bosh og‘rig‘i, buyrak og‘rig‘ida kartoshkadan foydalanish haqida so‘zlab berdi. Ularni sizlar bilan ham o‘rtoqlashmoqchiman.

● Tez-tez bosh og‘rig‘i bezovta qilganda, bir dona xom kartoshka archilib, qirg‘ichdan chiqariladi. So‘ng 2 stakan qaynatilgan suvga solinib, 4-5 daqiqa qaynatiladi. Qaynab chiqqach, doka yordamida suzib olinadi va shu suvdan har nonushta oldidan yarim stakandan ichiladi. Muolaja har 3 kunda bir marta bir oy mobaynida bajariladi.

● Buyrak shamollaganda yoki buyrakda tosh yi­g‘il­gan­da ham darmon o‘rnida kartoshka asqatadi. Buning uchun o‘rtacha kattalikdagi 5-6 dona kartoshka po‘stlog‘i bilan suvda qaynatiladi. Ezilib pishgach, po‘stlog‘i bilan yaxshilab mijig‘lanadi va bo‘tqa holatiga keltiriladi. Tayyor bo‘tqaga 1 osh qoshiq ichimlik sodasi solib, yana aralashtiriladi. Hosil bo‘lgan malhamni og‘riyotgan buyrak ustiga yoyish kerak. Ustidan sellofan va sochiq o‘raladi.

40 daqiqadan so‘ng kartoshkali malhamni asta-sekin olib, terini iliq suvda chayish lozim. Bu muolajani 2-3 marta takrorlang. Muolajadan so‘ng qorin sohasini doim issiq tutishni unutmang.

● Kuyishdan jarohat olganda ham kartoshka bilan birinchi yordam ko‘rsatish mumkin. Agar tananing biror joyi kuyib qolganda, ochiq yara hosil bo‘lmagan bo‘lsa, tezda 1 dona kartoshkani po‘stlog‘idan archib, qirg‘ichdan chiqaring. So‘ng terining kuygan qismiga qo‘yib, mato bilan o‘rang. Kartoshka ilib qolgach, uni boshqasiga almashtiring. Shu tariqa bir necha marta tak­rorlang. Natijada og‘riq va achishishlar ketib, kuygan teri asta-sekin tuzala boshlaydi.

Shahlo Rustamova, Qarshi shahri

Manba: Darakchi.uz