O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Xotin-qizlar qo‘mitasi hisobot konferensiyasi doirasida kelinlarni propiskaga kiritish, nikoh yoshini 18 yosh etib belgilash va oilalarning uchinchi taraf aralashuvi bilan ajralishi masalalariga alohida to‘xtaldi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.
Tadbirda Toshkent shahrining oilaviy poliklinikalardan birining bosh shifokori taklifi bo‘yicha nikoh munosabatlarida propiska masalasi - 1 oy ichida kelinni propiskaga qo‘yish mavzusi ko‘tarilib, bu talab ish bermayotganiga e’tibor qaratildi.
"Ikki hafta ichida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritinglar - propiskaga qo‘yish masalasini qanday bo‘lmasin, kerak bo‘lsa majburlab, ma’muriy jazo chorasini ko‘radigan darajagacha hal qilishimiz kerak. Bu nima degan gap?! Hammasi aqlli - "bir yarim yilcha yashab ketsa, keyin ko‘ramiz, bo‘lmasa - yo‘q"... Undan ko‘ra kelinni olishdan oldin o‘ylasin, "Yetti marta o‘lchab, bir kes", deyishgan. Shoshma-shosharlik qilib, keyin "Onasi o‘pmaganini olib beraman" deyish ketmaydi. Inson oilaviy munosabatga kiryaptimi, juda katta mas’uliyatni bo‘yniga olyapti, degani. Adliya vazirligi, bu masala bo‘yicha sizlarga alohida topshiriq", - dedi Abdulla Aripov.
Shuningdek, tadbir davomida yana bir masala: oilalar uchinchi taraf aralashuvi bilan ajrashadigan holatlarda ma’muriy chora ko‘rish masalasi qolib ketayotgani ta’kidlandi.
"Ayniqsa, Toshkent shahrida 70 foiz oilalarning ajralishiga uchinchi taraf sababchi... Shu bois 1 oy muddat ichida uchinchi taraf aralashuvi sababli oilalar ajrashadigan holatlarda ularga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash chorasi ko‘rib chiqilsin", - dedi u.
Bundan tashqari, Bosh vazir nikoh yoshini ikki tomonga 18 yosh etib belgilashga doir taklifni ham ko‘rib chiqish vazifasini berdi.