Madaniyat

Kipriklaringiz to‘kilayotgan bo‘lsa...

Tush qalamchasi kipriklaringiz siyraklashib qolganini bildirib qo‘yyaptimi, demak, parvarishni boshlash lozim. Xo‘sh, nima qilasiz?

Foydali moylar...

Kanakunjut, chakamug‘, bodom yog‘i kiprik ildizini oziqlantiradi. Hatto zaytun moyidan foydalanilganida ham kipriklar mustahkamlanadi. Moy muolajasi kun davomida ikki marta, ertalab – pardoz qilinishidan 10-15 daqiqa avval va kechqurun – uyquga yotishdan oldin qilinishi kerak.

Barmoq bilan uqalash

Har kuni 5-8 daqiqa vaqt ajrating-da, barmoq uchida kiprik ustini yengil uqalang. Kiprik ildizida qon aylanishi yaxshilansa, to‘kilishi kamayadi.

Moychechak + tirnoqgul

Har ikkala o‘simlikni teng miqdorda aralashtirib, 200 ml. suvga damlang. 15 daqiqa tindirilgach, dokadan o‘tkazing-da, ko‘zga kompress qiling. Kompress qoidasini bilasiz: ikki qavat doka damlamada ho‘llab olinadi.

Niqob

1 choy qoshiq kanakunjut moyiga 1 osh qoshiq achchiq damlangan qora choy qo‘shing. Paxtali dikslarni aralashmada ho‘llab oling. So‘ng ko‘z qovoqlari ustiga qo‘yasiz. Mazkur niqob haftada 3-4 marotaba bajarilsa, kiprik o‘sishi tezlashadi.

Yodda tuting:

Kiprik to‘kilishi sezilarli ortib borsa, tushdan foydalanmang. Quruq tenlarni ham vaqtincha ishlatmay turgan ma’qul.

Pardozni tozalashda tonik va molochkolardan foydalaning. Yuzni yuvganda ko‘z qovoqlarini ishqalab artmang. Yumshoq sochiqni asta tekkizib qo‘yishning o‘zi kifoya.

Manba: Darakchi.uz