Salomatlik

Ko‘ngil aynishining 10 sababi

Aslida ko‘ngil aynishini keltirib chiqaruvchi ellikdan ortiq sabablar mavjud. Asosiylari esa quyidagilar:

1. PANKREATIT. Oshqozon osti bezi yallig‘lanishi bilan kechadigan pankreatit asosan o‘t-toshi kasalligi, ko‘p ovqat yeyish va turli infeksiyalar oqibatida kelib chiqadi. Bunda qorinning yuqori qismi va chap tomoni sanchib og‘riydi, bemorning ko‘ngli aynib, qusadi, ishtahasi yo‘qoladi. Pankreatitni davolashda oshqozon osti bezining ferment ishlab chiqarishini ko‘paytiradigan dorilar buyuriladi.

2. XOLETsISTIT. O‘t pufagining yallig‘lanishi o‘rta va keksa yoshdagi ayollarda ko‘proq uchraydi. O‘t (safro) haydalishi buziladi, ovqat yegandan so‘ng o‘ng qovurg‘a ostida to‘satdan og‘riq turadi, ko‘ngil aynishi va qusish kuzatiladi. Kasallikning uchinchi kunidan boshlab teri va ko‘z oqi sarg‘ayadi, peshob qizg‘ish tusga kiradi. Xoletsistitni gastroenterolog davolaydi, zarur muolajalardan so‘ng ko‘ngil aynishi to‘xtaydi.

3. MIGREN. Asosan ayollar kasalligi hisoblangan migrenda boshning yarmi(ko‘pincha chakka qismi) og‘riydi. Kasallik xuruji asabiylashish yoki o‘ta charchagandan so‘ng boshlanadi. Qon tomir tonusini boshqarib turadigan nervlar ishi buzilishi oqibatida migren xurujlari 2-3 soatdan bir necha kungacha davom etadi. Bunda bemorning ko‘ngli aynib, qayt qiladi, shundan so‘ng og‘riq biroz bosiladi. Migrenni davolash uchun uning sabablarini aniqlab, bartaraf etish kerak.

4. MIYa ChAYQALIShI. Kalla suyagi shikastlanishi natijasida miya pardalari zararlanadi, bemor biroz muddat (bir necha daqiqa) hushini yo‘qotadi. Hushiga kelgach, ko‘ngli ayniydi, rangi oqarib, tomiri tez uradi. Ba’zan ko‘ngli aynishi bir necha hafta davomida takrorlanadi.

5. QANDLI DIABET. Organizmda me’da osti bezi gormoni – insulin yetishmasligi oqibatida moddalar almashinuvi buziladi. Davolash kechiktirilganda organizm zaharlana boradi, keyinchalik bemorning ishtahasi yo‘qoladi, chanqash, darmon qurishi, teri qichishishi kuchayadi. Bemor ko‘p peshobga qatnaydi, ko‘ngli aynib, qayt qiladi, og‘zidan atseton hidi kelib turadi.

6. QANDSIZ DIABET. Buyraklar faoliyati buzilishi natijasida qonda vazopressin gormoni kamayadi. Bemor peshobida qand bo‘lmaydi va uning solishtirma og‘irligi past bo‘ladi. Ko‘pincha organizm suvsizlanib, buning natijasida bemorning darmoni quriydi, boshi aylanadi va ko‘ngli aynab, qayt qiladi.

7. NITRATDAN ZAHARLANISh. Och qoringa ko‘p meva yoki sabzavot yeyilganda, ko‘klam oxirlari va yoz boshlarida nitratlari serob yangi mevalar iste’mol qilinganda ko‘ngil aynishi hamda qusish ro‘y beradi. Noinfeksion ich ketishi kuzatiladi. Bunday vaqtda dorilar qabul qilishga shoshilmasdan, quyuq damlangan ko‘k choy ichish va biroz muddat och yurish ko‘ngil aynishi o‘tib ketishida foyda beradi.

8. GASTRIT. Muntazam quruq yeguliklar iste’mol qilish, shuningdek, ovqatlanish tartibining buzilishi oqibatida kelib chiqadigan gastritda me’da shilliq pardasi yallig‘lanadi. Qorinning yuqori qismi vijirlab og‘riydi. Ovqat yegandan so‘ng ko‘ngil aynib, kishi o‘qchiydi. Ayrim hollarda qusishi mumkin. Bemor gastroenterolog shifokor nazoratida davolanadi.

Shuningdek, ko‘ngil aynishi qorin bo‘shlig‘i a’zolari kasalliklarida, homiladorlikdagi toksikoz, spirtli ichimliklar ichganda, avtomobilda uzoq masofaga borish davomida gaz isidan yoki benzin hididan zaharlanganda, qattiq hayajonlanganda yoki biror narsadan ranjiganda, ko‘pincha infeksion kasalliklarda kuzatiladi. Ko‘ngil ayniganda ozgina paxtaga novshadil spirti tomizib hidlansa yoki 1 oshqoshiq suvga yalpiz damlamasidan 10-15 tomchi tomizib ichilsa, nafi tegadi. Toza havoga chiqib sayr qilish ham ko‘ngil aynishini qoldirishi mumkin. Lekin bu noxush holat kishini bezovta qilaversa, sababini aniqlash va tegishli davolash uchun mutaxassis shiforkorga murojaat qilish lozim.

Manba: Darakchi.uz