O‘ng ko‘zimning oqida och jigarrang dog‘ paydo bo‘lgandek. Vaqti-vaqti bilan qichishish bezovta qilishini aytmasa, boshqa hech qanday shikoyatim yo‘q. Ko‘zdagi dog‘ning sababi nima bo‘lishi mumkin va eng muhimi shifokorga ko‘rinish kerakmi?
Sobir Dadaboyev, Navoiy viloyati
Savollarga shishfokor okulist Nodira RASULOVA javob beradi:
Ko‘zning oq qismi sklera deyiladi. Me’yorda u oq va silliq bo‘lishi kerak. Tashqi ta’sirlar, misol uchun, chang zarralari, shamol, quyoshning ultrabinashfa nurlari hamda tez – tez qaytalanuvchi konyuktivit natijasida ko‘zning sklera qavatida och sariq ba’zan jigarrang do‘ngchalar paydo bo‘ladi. Odatda do‘ngchalar bezovtalik tug‘dirmaydi, ammo vaqti – vaqti bilan ko‘z yoshlanishi, qichishish va qadalish hissini keltirib chiqarishi mumkin. bu holat Pingvekula deb nomlanadi. Agar sizdagi o‘zgarishlar pingvekula bo‘lsa, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklardan foydalanishingiz kerak. Ko‘zda yoshlanish, qichishish yuzaga kelsa, oftogellardan foydalanish mumkin. Ko‘z oqidagi o‘zgarishlarga o‘z vaqtida e’tibor berilmasa, pingvekula pterigium (qanotsimon o‘simta) ga aylanishi hech gap emas.
Manba: Darakchi.uz