— Ish faoliyatim hisob-kitob ishlari bilan bog‘liq. Ehtimol shungadir, ko‘zlarim tez toliqadi. Kechga borib, uzoqni xira ko‘ra boshlayapman. Hamkasblarimdan ko‘z uchun mashqlar haqida eshitgandim, ammo ularning qay biri ishonchli ekanini bilmayman. Siz nimani maslahat berasiz? Haqiqatan ham foyda beradigan mashg‘ulotlar bormi?
Nargiza Ikromova, Toshkent shahri
Savolga shifokor-okulist Nodira RASULOVA javob beradi:
–Tanangizni bo‘sh qo‘ying. Ko‘zlaringizni yuming. Bir-ikki daqiqa shu holatda o‘tiring. Endi ko‘zlarni yumgancha, faqat ko‘z olmasini harakatga keltirib, sakkiz shaklini hosil qiling. Mashqni 10 marta bajaring
–Deraza yoniga keling-da, oynada kichik nuqtani toping. Diqqatni jamlab, ana shu nuqtaga qarang. So‘ng nigohingizni derazadan tashqariga yo‘naltiring. Masofa o‘zgarishi ko‘zdagi zo‘riqishni yengillashtiradi
–Qo‘lingizga ruchka, qalam yoki flomaster oling. Nigohingizni ruchka uchiga qarating. Ruchka uchidan ko‘zni uzmasdan uni o‘zingizdan uzoqlashtiring. Keyin burunga yaqinlashtiring. Mashq davomida ko‘zingiz faqat ruchka uchida bo‘lsin. Mashqni 5-7 marta takrorlang.
–Chuqur nafas oling-da, ko‘zlarni qattiq yuming. Xayolan ko‘z qovoqlaridagi zo‘riqishni yuz mushaklari, chakka, bosh va bo‘yinga tarqalayotganini tasavvur qiling. O‘pkani bo‘shatib, tezda ko‘zlaringizni oching, xuddi biror nimadan hayratlanayotgandek. Mashqni 5 marta takrorlaysiz.
–Boshni qimirlatmay, ko‘zlaringizni bir-biri bilan uchrashtiring. Ko‘p emas, bir necha soniyaga. So‘ngra nigohingizni chap ko‘z burchagiga olib boring. 2-3 soniya chap burchakni tomosha qilib, asta-sekinlik bilan o‘ng ko‘z burchagiga qarang. Navbat bilan nigohingizni chap ko‘zning yuqori burchagiga olib boring. Mashqni o‘ng ko‘zning yuqori burchagiga qarash bilan davom ettiring. Bir marta bajargach, 2-3 daqiqa ko‘zga dam berib, so‘ng mashqni yana bir karra amalga oshiring.
–Tasavvur qiling, xonada kapalak uchib yuribdi. Nigohingiz bilan uni tutishga urinib ko‘ring. Ko‘zlarni tepa-past, chap va o‘ngga harakatlantiring. Yana bir usul, xayolan katta soatni tasavvur qiling. Nigohingiz soat strelkasi ortidan «yurishi» kerak. Mashqni tugatgach, ko‘zlarni tez-tez bir necha marta yumib-oching.
Manba: Darakchi.uz