Salomatlik

Kuygandan keyingi dog‘lar... Ketkazishning imkoni bormi?

— Bir necha yil avval qo‘l terim qattiq kuyib, ba’zi joylarda dog‘lar, boshqa joylarda chandiqlar qoldi. Yaralar bitgach og‘riq bezovta qilmay qo‘ygan bo‘lsa-da, terim estetik ko‘rinishini yo‘qotdi. Shu dog‘lar va chandiqlardan qutilishning imkoni bormi?

Roziya, Toshkent shahri

Mutaxassis — kosmetolog Mahbuba MAMANOVA.

Muhimi, to‘g‘ri yordam berish

Oramizda bir marta bo‘lsa ham kuyishdan aziyat chekmagan ayol topilmasa kerak. Ayniqsa, oshxonada kuymalanadigan opa-singillarimizning tez-tez duch keladigan noxushligi bu. Lekin bir qarashda arzimagandek ko‘ringan kichik kuyish ham ba’zida dog‘ va chandiqlarga sabab bo‘ladi. Jarohatning yengil (1-2 darajali) turlarida birinchi yordam va davo choralari to‘g‘ri ko‘rsatilsa, keyinchalik terida dog‘lar paydo bo‘lishining oldini olish mumkin. Buning uchun esa birinchi navbatda terini sovitishga harakat qilish darkor. Sovuq suv yoki namlangan paxtali mato yordamida. Agar qo‘l ostingizda maxsus kuyishga qarshi tibbiy sprey yoki salfetkalar bo‘lsa, ulardan foydalanishingiz mumkin. Zarurat tug‘ilsa, shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi. Ammo kuygan teriga yog‘ surtish qat’iy taqiqlanadi. U terining ustki qavatida plyonka qatlamini xosil qilib, issiqlikning chiqib ketishiga to‘sqinlik qiladi. Natijada teri yanayam chuqurroq kuya boshlaydi. Teri biroz tinchlanib, yuzasida qobiq paydo bo‘lganidan keiyn esa shifokor tavsiyasiga ko‘ra surtma dorilarni qo‘llasangiz bo‘ladi.

Manba: Darakchi.uz