— 14 yoshli qizimning labi, mana uch haftaki bichilib qoladi. Vazelin surtib ko‘rdim, ammo foydasi bo‘lmayapti. Ehtimol, bu vitamin tanqisligining belgisidir?
Oydin Rasulova, Toshkent shahri
Magina ARTIKOVA, shifokor-pediatr:
— Xeylitlar – lab atrofi va terisining yallig‘lanishi bilan kechadigan xastalik bo‘lib, oddiy tilda uni lab bichilishi deb ataymiz. Mazkur hodisa bolalar orasida ko‘plab kuzatiladi va buning sabablari turli omillarga bog‘liq. Lab burchaklarida yallig‘lanishni keltirib chiqaruvchi tashqi ta’sirlar bolaning yoshiga ko‘ra turlicha ko‘rinishda nomoyon bo‘lishi mumkin. Allergik diatez, ekzema, neyrodermit, gipovitaminoz, lablarning noto‘g‘ri birlashishi – xastalikning asosiy sababchilaridir. Lab shilliq qavati issiqsevar bo‘lib, tana haroratining dam ko‘tarilib dam tushib ketishi (isitma chiqishi), quyosh nuri ta’sirida quruqshab qolishi, bezovlikni yuzaga keltirishi ham ehtimoldan xoli emas. Ayrim bolalarda lab chetini tishlash odati mavjud bo‘lib, bu ham lab shilliq qavatida yallig‘lanishga zamin yaratishi mumkin. Umuman olganda, lab chetidagi bichilish holatining izohi ko‘p, asosiysi, bezovtalik boshlandimi uni albatta davolash kerak. Bakteriyalar ta’sirini istisno etish uchun umumiy qon tahlilini topshirish ayni muddaodir.
Manba: Darakchi.uz