Oshxona

Limonli halqachalar

Zarur masalliqlar (10-15 kishilik): 150-200 gr. un, 100 gr. makkajo‘xori kraxmali, 1 choy qoshiq xamiryumshatgich, 100 gr. margarin, 2 dona tuxum sarig‘i, 100 gr. shakar, 2 ta limon qirindisi. Glazur uchun: 150 gr. qand upasi, 2 osh qoshiq limon sharbati. Bezak uchun: 50 gr. bodom mag‘zi, 1 quti rangli “Konfeti” shirinligi.

Tayyorlash: 1). Un, xamiryumshatgich va makkajo‘xori kraxmalini aralashtiring. Alohida idishga xona haroratida erigan margarin, tuxum sarig‘i, shakar va limon qirindisini solib, aralashtiring. So‘ng har ikki aralashmani birlashtirib, yumshoq xamir qoring.

2). Tingan xamirdan halqa shaklini kesib, pishiriq qog‘ozi solingan patnisga tering. Pechenelarni 200 daraja haroratda qizdirilgan gaz pechiga qo‘yib, 15 daqiqa pishirib olasiz.

3). Glazur tayyorlash uchun limon sharbatiga qand upasini qo‘shib, aralashtiring. Hosil bo‘lgan aralashmani pechenelar ustiga surting. Glazur qotib qolmasidan rangli shirinliklar va bodom mag‘zi bilan shirinlikni bezang.

Tayyorlash vaqti: 35 daqiqa.

Manba: Darakchi.uz