Zarur masalliqlar: 700 gr. losos balig‘i, 4 osh qoshiqdan maydalangan bodom, yong‘oq va kunjut, 2 osh qoshiq zaytun yog‘i, 1 osh qoshiq dengiz tuzi, yarim choy qoshiq qora murch, kinza; Qayla uchun: 300 gr. mayda qo‘ziqorin, 2 bosh qizil piyoz, 2 choy qoshiq sirka, 1 osh qoshiqdan sariyog‘ va zaytun yog‘i, tuz, qora murch, ko‘katlar.
Tayyorlanishi: 1. Baliq go‘shtini bir xil kattalikdagi 4 bo‘lakka bo‘ling. Tuz sepib, 5 daqiqa qoldiring. Keyin sovuq suvda yuvib, quruq sochiq bilan arting.
2. Maydalangan bodom va yong‘oq mag‘ziga maydalangan kinza va qora murch qo‘shing. Baliq go‘shtlarini pishiriq qog‘ozi ustiga qo‘yib, yuziga bodomli aralashmadan surting. So‘ngra zaytun yog‘i seping. 170 darajada qizdirilgan gaz pechiga 25 daqiqaga qo‘ying.
3. Piyozni yupqa qilib, halqa shaklida to‘g‘rang. Qo‘ziqorinlarni maydalang. Sariyog‘ va zaytun yog‘ini qizdirib, piyoz va qo‘ziqorinlarni 10 daqiqa qovuring. So‘ngra 4 osh qoshiq suv bilan sirkani soling-da, yana 10 daqiqa dimlang. Tuz, murch va ko‘katlarni soling.
4. Pishgan baliq go‘shtini qo‘ziqorinli qayla bilan dasturxonga torting.
Tayyorlanish vaqti: 1 soat.
4 kishilik.
Manba: Darakchi.uz