Bilasizmi?

Madad-shifo: "qatiqli parhezdan naf bormi?"

— Dugonalarimdan biri qatiqli parhezning foydasi haqida so‘zlab, sog‘liqqa zarari yo‘q, deyapti. To‘g‘risini aytsam, ortiqcha vazn bilan kurashishda turli usullarni sinab ko‘rganman, ammo hech biri tayinli natija bermaydi. Shunga qatiqli turiga ikkilanayapman. Qolaversa qatiq ichni surishi mumkin deb eshitgandim?..

A.Sultonova, Samarqand shahri

Nodira HAMROYeVA, shifokor-terapevt:

— Yog‘siz qatiq chindan ham hazm faoliyatini tezlashtiradi, shuning hisobiga ortiqcha yog‘ to‘planmasligining oldini olish mumkin. Uyquga yotishdan oldin ichilgan bir stakan qatiq asab tizimini tinchlantirib, orom olishga ko‘maklashadi. Qolaversa, qabziyatdan aziyat chekkanlar uchun ham foydasi bor. Umuman olganda, kunora qatiq iste’mol qilish me’da-ichaklar ishini yaxshilab, vaznni kamaytirishda asqatadi. Ammo bu kun bo‘yi faqat qatiq ichish kerak, degani emas. Negaki qatiq tarkibida nordon muhitni paydo qiluvchi bakteriyalar bor va ular oshqozon kislotasining ortishini keltirib chiqarishi mumkin. Buyrak kasalliklari bilan og‘riganlarga esa qatiqni cheklangan miqdorda qabul qilish tavsiya etiladi. Bu vaziyatda qatiq buyraklarga zo‘riqish berishi mumkin. Ko‘rib turganingizdek, ozish uchun qatiqli parhezga murojaat qilish ma’qul fikr emas. Yaxshisi, taomnomadan uglevodlarni kamaytiring-da, asosiy e’tiborni barra ko‘katlar, meva va sabzavotlarga qarating. Oz-ozdan, tez-tez taomlanishga odatlansangiz, vazn ortishi muammo bo‘lmaydi.

Manba: Darakchi.uz