Meva qoqilarning shifobaxsh xususiyatlari haqida ko‘p eshitganmiz. Haqiqatan ham, ular xalq tabobatida juda ko‘p asrlardan beri qo‘llanadi. Bugun ularning har biri haqida alohida ma’lumot beramiz.
Anjir qoqisi – vitaminlar zaxirasi!
U kamqonlik, yurakning tez urishi, bronxial astma, ko‘krak og‘rig‘i, o‘pka pardasi yallig‘lanishi bilan og‘rigan bemorlarga tavsiya etiladi. Anjir qoqisini sutda qaynatib, ichilsa gripp, ko‘k yo‘tal, pnevmoniya, bronxitda shifodir. Bundan tashqari, anjir qoqisi qalqonsimon bez faoliyatini yaxshilaydi, gijjalarni yo‘qotadi. Terini kerakli vitaminlar bilan ta’minlab, saraton hujayralari rivojlanishining oldini oladi. Undan tayyorlangan kompot esa ishtahani ochib, ovqat hazmini yaxshilaydi.
Vitaminlar: V1, V2, V3, V6, RR.
Mineral moddalar: temir, kaliy, magniy, kalsiy va boshqalar.
Mayiz – stomatitning davosi
Immunitetni mustahkamlashda mayizga teng keladigani yo‘q. Uzum qoqisi yurak qon-tomir kasalliklari, asab faoliyati buzilishlari, kamqonlik va og‘iz bo‘shlig‘i bakteriyalariga qarshi kurashishda yordam beradi. Sizni stomatit qiynayaptimi, muolaja tugagach, mayiz yeyishga odatlaning.
Mavsumiy xastaliklarga chap berishda organizm quvvatini oshirish darkor. Bunda sizga quyidagi retsept asqotadi: teng miqdorda mayiz va yong‘oqni go‘shtqiymalagichdan o‘tkazib, ozroq asal bilan aralashtirasiz. Aralashma 1 osh qoshiqdan nonushta mahali iste’mol qilinsa, immunitet ko‘tariladi. Yo‘tal, tumov, tomoq og‘rig‘i bezovta qilganida mayizdan tayyorlangan damlama yaxshi yordam beradi. Buning uchun 1 stakan qaynoq suvga 100 gramm mayizni solib, 10 daqiqa damlab qo‘yasiz. Damlamaga 1 osh qoshiq piyoz suvini qo‘shib, yarim stakandan ichiladi.
Mayizasab tizimini mustahkamlab, osteoxondroz va osteoporoz, buyrak kasalliklari bezovta qilganda ham iste’mol qilinsa foydalidir. Yodda tuting: o‘n ikki barmoqli ichak yarasi hamda qandli diabetda mayiz tavsiya etilmaydi.
Vitaminlar: V1, V2, V5, RR.
Mineral moddalar: fosfor, natriy, kalsiy, magniy, temir, kaliy. 100 gramm mayiz tarkibida 860 mg. kaliy bor.
Olma qoqisi – organizmni tozalaydi
Olma qoqisi glyukozaga nihoyatda boydir. U o‘zida foydalilik xususiyatlarini saqlab qolib, mikroelementlarga to‘yingan bo‘ladi. Tarkibidagi pektin moddasi organizmni toksinlardan tozalaydi. Agar qabziyatdan aziyat chekayotgan bo‘lsangiz, olma qoqisidan yaxshisini topolmaysiz.
Olma qoqisini go‘shtqiymalagichdan o‘tkazib, qaynating va ta’bga ko‘ra shakar solib, damlang. Tayyor damlamaga asal qo‘shib ichilsa, qabziyatdan xalos etadi. Bundan tashqari, ushbu damlama oshqozon faoliyatini ham yaxshilaydi.
Qandli diabet bilan xastalangan va ortiqcha vaznli kishilarga olma qoqisi tavsiya etilmaydi.
Vitaminlar: V, S, RR.
Minerallar: kaliy, kalsiy, temir, fosfor.
Qovun qoqisi – bo‘lajak onalar uchun
Mazkur qoqi tarkibida barcha mineral va vitaminlar to‘liq saqlanib qoladi. U immunitetni ko‘tarib, organizmni quvvatlantiradi, anemiyadan xalos etadi. Qovun qoqisi muntazam iste’mol qilinsa, yurak-qon tomir tizimi faoliyati yaxshilanadi. Peshob yo‘lidagi toshlar parchalanib, suyaklar mustahkamlanadi.
Qovun qoqisi homilador ayollarga ham foydalidir. Chunki uning tarkibidagi foliy kislotasi uyqusizlik, ruhiy zo‘riqishni bartaraf etish va asablarni tinchlantirishda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, soch va tirnoqlarni mustahkamlashda,organizmni yoshartirishda ham qovun qoqisiga teng keladigani yo‘q.
Vitamin: S darmondorisi
Minerallar: xlor, natriy, kaliy, foliy.
Olxo‘ri qoqisi – yoshartiradi
Revmatizm, buyrak va jigar kasalliklari bezovta qilyaptimi? Olxo‘ri qoqisidan yeng!Uning tarkibidagi foydali vitamin va minerallar dardingizni aritadi. Olxo‘ri qoqisi ichki organizm faoliyatini yaxshilab, ularni yoshartirish va sog‘lomlashtirish xususiyatiga ham ega. Tish emalini zararlanishdan asrab, mustahkamlab, kariyesdan himoyalaydi. U organizmdan xiltlarni haydab, qabziyatning oldini oladi. Avitaminoz va kamqonlikda ham yordam beradi.
Vitaminlar: A, S, Ye, RR, V1, V2, V3, V5, V6, V9.
Minerallar: temir, mis, marganets, rux, selen, kaliy, kalsiy, magniy, natriy, fosfor va xlor.
O‘rik qoqisi – kaliyga boy
Yurakka quvvat bo‘lib, ortiqcha vazndan qutulishda ham yordam beradi. Organizmdagi kaliy moddasi yuvilib ketishining oldini oladi. Chunki u kaliy va antioksidantlarga boydir. Muntazam iste’mol qilinganida organizmni zararli xolesterindan tozalaydi. Shuningdek, qalqonsimon bez xastaliklari va qandli diabetda ham foydali.
Vitaminlar: A, S, RR, V1, V2, V5;
Minerallar: kaliy,kalsiy, magniy, fosfor, temir,mis,marganets, kobalt.
MIRKAMOL tayyorladi
Manba: Darakchi.uz