Kutubxona

Mol-davlat ilinjida oila tinchligiga rahna soladigan ayollar haqida

«Agar biror muammongiz bo‘lsa-yu, uni pul bilan hal qila olsangiz, demak, bu muammo emas, xarajat, xolos». Ammo yon-atrofimizda shunday insonlar, ayniqsa, ayollar borki, ularning hayotida pul birinchi raqamli qadriyat darajasida va shu sabab uning borligi ham muammoga aylangan.

Ruhshunos Shahnoza XALILOVA bilan mol-davlat ilinjida oila tinchligiga rahna soladigan, o‘zining ham, yaqinlarining ham salomatligiyu xotirjamligiga putur yetkazadigan ayollar haqida mulohaza yuritamiz.

Cho‘pon va boy

Aytishlaricha, bir cho‘ponning o‘ntacha qo‘yi bo‘lib, ular dalada o‘tlab yurishganida, egasi salqin joyda yotib dam olibdi. Shu yerdan o‘tib ketayotgan boy esa uning cho‘zilib yotishiga hayron qolib, maslahat solibdi:

— Nega bunday bemalol yotibsan? Buning o‘rniga qo‘ylaringga qarasang bo‘lmaydimi. Ularni yaxshilab boqib ko‘paytirsang, yuzta bo‘ladi. Keyin yana ko‘payadi, sotasan, boyib ketasan, — debdi.

— Xo‘sh, keyin-chi? — cho‘pon pinagini ham buzmay boyga savol beribdi.

— Keyin, maza qilib yotasan! — debdi boy ham.

— Seningcha hozir men nima qilayapman? — degan ekan cho‘pon.

Cho‘pon kabi fikrlovchi kishilar uchun pul hech qanday ahamiyat kasb etmaydi, lazzat manbai ham hisoblanmaydi. Albatta, qo‘ylar bor, o‘tlab yuribdi, deya oyoqni uzatib yotish ham yaramaydi. Shunchaki, boylikka xotirjam munosabat bildirish, vasvasaga tushishmaslik va zavqlanib yashashni bilish kerak.

Boy bo‘lishni xohlaysizmi?

Kim ham puli ko‘p bo‘lishini istamaydi, deysiz. Oilaning bir ustuni ham iqstisod asosiga quriladi. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Mana shu ustuning mustahkamligi esa pulga qanday munosabat bildirishimizga bog‘liq.

Pul topishga harakat qilish noto‘g‘ri emas. Uning ortidan nima kelishini istayapmiz — maqsadni aniqlashtirib olish zarur. Chunki biz hayotga boylik orttirish uchunmas, baxtli yashash uchun kelganmiz.

Xo‘sh, siz uchun pul nima? Aslida, u yomon narsa emas. Hammasi biz unga qanday bo‘yoq berishimizga bog‘liq. Kim uchundir pul qo‘lning kiri. Kimdir uni hayotiy maqsadiga aylantirib olgan, salomatligi, xotirjamligidan ustun qo‘yadi.

Bilasizmi, u bir qog‘oz. Qadri yo‘qolsa, yoqib yuborasiz. Ammo bu olov na issiqlik beradi, na zavq.

Hayotda o‘z isbotini topgan yana bir ibora bor, siz qanchalik pulning ortidan quvsangiz, u shunchalik sizdan qochadi. Pulga mehr qo‘ymagan, uni asosiy qurolga aylantirmaganlar millioner bo‘lishlari shundan.

Bema’ni orzu-havaslar

Bir ayolni taniyman. O‘g‘illari mehnatkash, eri tinim neligini bilmaydi, o‘zi oila boshqaruvchisi. Bu oilada erkaklarning asosiy vazifasi — pul topish. Avval ularni uylantirish uchun ayol pul jamg‘ardi. Kelinlar tushirdi, lekin ular bilan biri ikki bo‘lmas ekan. Hali katta kelin muzqaymoqqa boshqarong‘u bo‘lgan, hali kichigining bolasini sun’iy sut bilan boqish kerak. Bu turishda qachon o‘g‘illarga uy-joy qilinadi? Tekintomoq, zararning uyasi bo‘lgan kelinlarga javob berildi. Pulni tiyin-tiyin qilib yig‘ish, haddan ortiq tejash natijasida qo‘sha-qo‘sha imoratlar solindi. Ayol to‘rt xotinning ichiga kirsa, o‘g‘illarining uyi tayyorligidan, hatto, uzatgan qiziga ham hovli qura boshlaganidan faxrlanadi. Ammo bu uylarda kim, qanday oila yashaydi — mulohaza qilmaydi.

Bu toifa ayollarning xatosi shundaki, ular hamma narsani pul bilan o‘lchashadi. Bolalarning baxtini ham. Biroq doim ham pul bo‘lsa, changalda sho‘rva qaynayvermaydi. Qaynasa ham tatimaydi.

Oilaviy muammolar moddiyatga borib taqalishida ayollarning roli katta. Be’mani orzu-havaslarni ushaltirishning o‘zi bo‘ladimi, axir. Kelinining mebelidan norozi qaynonalar, bo‘lajak kuyoviga qimmatbaho sarpo qilish ilinjida erini egovlaydigan xotinlar. Xo‘sh, ularning yonib-kuyishlaridan kimdir minnatdor bo‘ladimi? Yo‘q. Chunki pul bilan baxtni, oilaviy xotirjamlikni sotib olib berolmaysiz. Aksincha, yo‘qotasiz.

Eringiz shohmi yo qul?

Oila ta’minotchisi erkak kishi. U rafiqasining ham, bolalarining ham ehtiyojlari uchun mas’ul. Ammo buni noto‘g‘ri talqin qiladigan xotinlar bor. Ya’ni eri qancha topsa ham kam! Talablari kundan-kun oshib boraveradi. Bu qanoat qilmaslikmas, ochko‘zlik. Eshitgan bo‘lsangiz, oltin tuxum qo‘yadigan g‘oz haqida ertak bor. G‘oz egasi biryo‘la hamma oltinga bo‘lish dardida sehrli jonivorni so‘yadi. Biroq ne ko‘z bilan ko‘rsinki, uning ichida oltin zaxirasi yo‘q edi. Alal-oqibat har kunlik oltin tuxumdan judo bo‘lgani qoladi.

Ayol kishi erini pul topishga majburlasa, ya’ni erkak zavqlanib emas, majburan ishlasa, u qulga aylanadi. Pulning quliga. Ilhomlantirib, olg‘a undab, rag‘batlantirib va albatta, hamjihatlikda harakat qilinsa, erkak kishi shoh bo‘ladi. Va pul ustidan hukmronlikni qo‘lga kiritadi. Bunda ayolning oqilligi muhim.

Erkakning topganida baraka bo‘ladi, deyishlari bejizga emas. Turmush o‘rtog‘ingiz maoshini uyga xursand bo‘lib olib kelsa, u bilan baraka ham kirib keladi. Chunki siz pul ishlatishni, ro‘zg‘or tutishni biladigan ayolsiz. Nuqul to‘yga, qora kunga (!) deya yig‘aversangiz, iqtisod qilish uchun xarajatlarni keskin qisqartirsangiz, maoshini tiyin-tiyinigacha hisoblasangiz, eringizning hafsalasi pir bo‘ladi. O‘zini pul topuvchi mashinadek his etadi. Qochish tashvishiga tushib qoladi — ajrashish, boshqa ayolga uylanib olish, xorijga ketish — xullas, u ham odam, temir emas, bir dam tin olishni, manfaatsiz mehr ko‘rsatishlarini istaydi. Uzluksiz mehnat oqibatida kasal orttirib olishi, sizga qo‘shilib nafsi hakalak otsa, boshi berk ko‘chaga kirib qolishi ham hech gapmas. Keyin sandig‘ingizda taxlanib turgan pullar ham yordamga kelolmasligi ehtimoli kuchli.

Demak, umr yo‘doshingiz bilan piru badavlat, to‘kislikda yashashni istaysizmi, unga shohdek munosabat bildiring. Qancha topishidan qat’i nazar. Boshga chiqarib oling, oila boquvchisiga aylaning, taltayrib yuboring, demayapmiz. Mehr bering, rag‘batlantiring, maqtang, sarmoyani ko‘paytirishning yo‘llarini birga izlang, topganini to‘g‘ri sarflang, muhimi, pulni oilaviy qadriyat darajasiga olib chiqmang.

To‘g‘ri munosabat qilishni o‘rganamiz!

Isrof qilmang. Odatda isrof va iqtisod tushunchalarini adashtirib yuborishadi. Isrof qilmaslik, bu ziqnalik degani emas. O‘zingiz topasizmi, yoringizmi — havoga sovurmang. Rejalab ishlatishni biling.

Ziqna bo‘lmang. Pulni o‘zining ham, yaqinlarining ham ehtiyojidan qizg‘anadiganlar bor. Axir kim uchun harakat qilayapsiz? Nega yig‘inayapsiz? Bolalaringizdan, sog‘ligingizdan aziz nima bor? O‘zingizni sevishni biling, shunda boshqalarni ham seva olasiz. Pulni sevishingiz, baribir, yaxshilikka olib kelmaydi.

Boshqalarning ko‘zi uchun yashamang. Odamlar gap qiladi, deya ko‘rpaga qaramasdan oyoq uzatib, qarz ko‘tarmang. Bu katta xato. Qarz botqog‘iga botib qolganingizda sizni gap qilayotganlar qutqarish uchun qo‘l uzatishi amrimahol.

Eringiz, farzandlaringiz, kelinlaringizni jazolamang. Pulga noto‘g‘ri munosabat qilishingiz zamirida muammo yotadi. Ya’ni o‘zingiz, komplekslaringiz bilan bog‘liq muammo. Buning uchun butun oilangizni javob berishga majburlash adolatdan emas, qolaversa, oqibati xayrli bo‘lmaydi.

Kamchiliklarni pul bilan yashirishga urinmang. Ya’ni ba’zi kishilar fe’lidagi qusurlarni boylik bilan xaspo‘shlamoqchi bo‘lishadi. Pulim ko‘p bo‘lsa, hamma meni hurmat qiladi, hech kim ayblay olmaydi, kamsitmaydi, urishmaydi, izmimga yuradi, baxtim kuladi, odamlarning mehrini qozonaman, deya o‘ylashadi. Pul moddiy narsalarga ega bo‘lish vositasi, xolos. Deylik, singan ko‘ngilni qimmatbaho sovg‘a bilan qayta zabt etish mushkul. Ammo arzimas bir-ikki so‘mni deb, ko‘ngilni sindirish, rishtalarni uzish hech gapmas.

Xulosa o‘rnida

Fotih Iskandar Zulqarnayn bir kuni xum ichida yashovchi mashxur faylasufDiogenga duch kelibdi.

— Ey, bechora, faqir, men dunyoning katta qismini zabt etdim. Ayt, sen sho‘rlik ham bu hayotda kun ko‘rishing uchun nima qilay? — debdi sarkarda bir himmat aylamoqchi bo‘lib.

— Biroz surilib tursang bo‘ldi, quyoshni to‘sayapsan, — deya javob bergan ekan xum ichidagi kishi.

Qissadan hissa shuki, boylik orttirish ilinjida xonadoningizga tushib turadigan quyosh nurlarini to‘smang. Pul topiladi, istaganingizcha ko‘p ham topiladi, qachonki unga xotirjam munosabatda bo‘lsangiz...

MUXLISA

Manba: Darakchi.uz