Bilasizmi?

O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning yana bir universiteti filiali va klinikasi ochiladi

O‘zbekistonda Janubiy Koreya universiteti filiali ochilishi kutilmoqda, bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati SOF.UZ'ga xabar beradi.

19 iyul kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov bilan  Janubiy Koreyaning Aju universiteti prorektori Lim Jeyk o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida Aju universitetining yurtimizda filiali va klinikasini tashkil etish, uni samarali faoliyat yurtishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish,  kadrlar ta’minoti bo‘yicha muloqotlar olib borildi.

Ma’lumot uchun, 1973 yilda tashkil etilgan Aju universiteti nafaqat Janubiy Koreyada, balki jahonda ham nufuzli universitetlardan biri hisoblanadi. Yiliga 750 nafarga yaqin xorijiy talabalar ham tahsil oladigan ushbu oliy o‘quv yurti dunyoning 58 mamlakatining 200 dan ortiq taniqli universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ayni paytda bu yerdagi mavjud sakkizta fakultetda — tibbiyot, texnika, axborot texnologiyalari, yuridik, tabiiy va gumanitar fanlar hamda biznes yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlanadi.