2016 yil bilan xayrlashib, 2017 yilni qarshi olishimizga ham oz qoldi. Ayni kunlarda ayollar bayram dasturxoniga qanday taomlarni tayyorlashni o‘ylash bilan band.
Erkaklar esa ayollardan bayramona dasturxonga pishiriladigan shirinliklar, taomlarga ketadigan masalliqlarning ro‘yxatini kutishmoqda.
Shularni inobatga olgan holda bayram dasturxoni uchun oila a’zolaringiz va mehmonlaringizni hayratda qoldiradigan taomlarning retseptini e’tiboringiz havola etib boramiz.
Birinchi taomimiz go‘shtli o‘rama, deb nomlanadi. Ushbu taomni qo‘y, mol, tovuq go‘shtidan tayyorlash mumkin. Baliq, ot go‘shtidan tayyorlash maqsadga muvofiq emas.
Go‘shtli o‘rama Taomni tayyorlashga kerak bo‘ladigan mahsulotlar:
1 bo‘lak qo‘y soni; 200 gramm turshak; 200 gramm olxo‘ri (olxo‘rining qoqisidan ham foydalanish mumkin); 100 gramm yong‘oq; 2-3 dona qizil sabzi; 1 ta sarimsoq piyoz; Tuz; Zira; Kashnich urug‘i; Murch;
Tayyorlanishi: Go‘shtning pastki suyak qismining o‘zi qoldirilib, ichidagi barcha mayda suyaklar ehtiyotkorlik bilan olib tashlanadi. So‘ng maxsus bolg‘acha yordamida go‘sht urib chiqiladi. Go‘sht mayinlashgach, uni toza stol ustiga qo‘yiladi va uning ichiga olxo‘ri, turshak hamda sarimsoq piyozni butunligicha, yong‘oqni maydalangan holda sabzini esa 4 bo‘lakka bo‘lib go‘shtning har joyiga terib chiqiladi.
Ta’bga ko‘ra tuz, zira, kashnich urug‘i sepiladi. Go‘shtni bir chekkadan oxirigacha o‘rab chiqiladi va ustini ip bilan qattiq o‘raladi. Oldindan qizdirilgan gaz pechining ichiga maxsus qozon yoki tog‘orachada suv quyib, ichiga go‘shtni solasiz va o‘rtadan pastroq olovda 2 soat davomida pishiriladi. Pishgan o‘ramaning ustki qismi qizib turgan yog‘da bir necha soniya davomida qizartirib olinadi.
Tayyor taom dasturxonga issiqligicha kesib-kesib tortiladi. Yoqimli ishtaha!
Manba: Qalampir.uz