Homiladorlik

Onaning chekishi homila DNK'sini o‘zgartiradi

AQSh'ning atrof-muhit milliy instituti (NIEHS) olimlari homilaning rivojlanishi vaqtida chekish uning DNK'sining mutatsiyasiga olib kelishini isbotlashdi. Tadqiqot American Journal of Human Genetics jurnalida chop etildi.

Chekish va DNK'ning kimyoviy modifikatsiyasi o‘rtasidagi bog‘liqlik avvallari ham o‘rganib chiqilgan. Ammo 6685 onalar va yangi tug‘ilgan bolalar ishtirokida olib borilgan oxirgi tadqiqot natijasida bu zararli odat katta yoshli chekuvchilardagi kabi homila genida ham epigenetik o‘zgarishlarga olib kelishi aniqlandi. Tadqiqot muallifi Stefani London quyidagicha izohlaydi: “Qorindagi homila sigaretadan chiqadigan moddalardan nafas olmasada, ularning ko‘p qismi platsentga tushadi”.

Tadqiqotda ishtirok etgan 13 foiz ona doimiy chekuvchilar guruhiga, 62 foizi chekmaydiganlar va 25 foizi esa kam chekuvchi yoki homiladorlikning ilk haftasida zararli odatdan voz kechganlar guruhiga mansub bo‘lgan. Shuningdek, tadqiqotchilar yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning kindigidan qon namunasi olib, ularning DNK metillashuvini tekshirishgan.

Natijada, doimiy chekib yurgan onalarning bolalarida epigenetik o‘zgarishlar sodir bo‘lishi kuzatilgan. Bu o‘zgarishlar kelajakda nafas va asab tizimi kasalliklari, chekish bilan bog‘liq onkologik xastaliklar, shuningdek, tug‘ma nuqsonlarga olib kelar ekan.

Manba: Kun.uz