Oshxonadagi yuzalarni juda tez-tez tozalab turishga to‘g‘ri keladi. Mebellar masalasiga kelganda esa ko‘pincha nima bilan tozalash mumkin degan savol paydo bo‘ladi.
Yog‘ tomchilarining har tomonga sachrashi natijasida vaqt o‘tishi bilan shkaflarda yog‘ qatlami yuzaga keladi. Qanday qilib bu muammoni yog‘och yoki plastikka zarar yetkazmasdan tez bartaraf qilish mumkin?
Maishiy kimyoviy vositalarga mablag‘ sarflash shart emas — oddiy vositalar ham a’lo darajada buning uddasidan chiqa oladi!
Soda va o‘simlik yog‘i
Sizga bor-yo‘g‘i iste’mol sodasi va o‘simlik yog‘i kerak bo‘ladi.
- Har ikkalasidan ham bir xil miqdorda olib, ularni aralashtiring.
- Aralashmani muammoli yuzalarga suring.
- 30 daqiqa kuting. Bu vaqt ichida yog‘ yumaloqchalarga aylanadi. Yumshoq gubkani ho‘llang va yog‘larni artib oling.
Har qanday yuzada ham birinchi martada yo‘qolmaydigan juda kir joylar bo‘ladi. Agar birinchi martada yog‘ qatlamlari toza bo‘lmagan bo‘lsa, bu usulni yana bir marta takrorlang.
Limon kislotasi
Vositani tayyorlash uchun limon kislotasi va iste’mol sodasi kerak bo‘ladi.
Kichikroq idishga 2 osh qoshiq soda va 1 choy qoshiq limon kislotasini solib aralashtiring. Quyuq bo‘tqa hosil bo‘lishi uchun biroz suv qo‘shing. Aralashmani gubkaga oling va muammoli yuzalarni arting, keyin esa nam latta bilan tozalang.
Sirka
Bu vosita bilan plastik hamda yog‘och yuzalarni ham tozalash mumkin.
Yarim piyoladan olma sirkasi va aroqni aralashtiring. Aralashmaga yarim choy qoshiq apelsinli efir yog‘i va 2-3 tomchi evkalipt yog‘i qo‘shing. Hosil bo‘lgan aralashmani purkagichli idishga soling. Foydalanishdan oldin idishni silkiting va uni kirlangan yuzalarga seping. 15 daqiqadan so‘ng ho‘l latta bilan artib oling.
Manba: Daryo.uz