Bilasizmi?

Prezident farmoniga muvofiq Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi, deb yozmoqda Kun.uz.

Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, «Tadbirkor ayol» uyushmasining Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif bergan. Ushbu taklifga rozilik berilgan va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:

  • xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash,
  • shu jumladan, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi bo‘lgan ayollarga moddiy yordam ko‘rsatish;
  • xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashda ko‘maklashish.

2018 yil 1 martdan boshlab O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika «Oila» markazi va ularning hududiy bo‘linmalari boshqaruv apparati xodimlari tarkibiga kiruvchi pensionerlarga, ularning bu tashkilotlardagi faoliyati yagona bo‘lgan taqdirda, pensiyalari to‘liq to‘lanishi belgilab qo‘yilmoqda.