Bilasizmi?

Prezidentning yangi qarori loyihasi: O‘zbekistonda o‘qituvchilarning mavqei oshiriladi

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida "Xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarning ijtimoiy mavqeini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qaror loyihasi e’lon qilindi.

Hujjatda bugungi kunda xalq ta’limi muassasalari pedagog kadrlarining ijtimoiy himoyasini yanada oshirish borasidagi islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklar belgilab berilgan.

Qaror loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining:

eng yaxshi fan o‘qituvchilarini chet ellardagi yetakchi ta’lim muassasalariga malaka oshirish uchun qisqa muddatli stajirovkalarga yuborish;

rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan dam olish kunlarida va ta’til davrlarida ta’lim muassasalarining pedagoglariga o‘z o‘quvchilari bilan sayohatlar uyushtirishiga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan yurtimizning tarixiy-madaniy markazlari va noyob tabiat go‘shalariga sayohatlarini tashkil etish;

ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini davlat mukofotlariga tavsiya etish salmog‘ini ko‘paytirish, shuningdek tarmoq mukofotlari sonini oshirish;

ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining ma’naviy dunyosini, ish faoliyatini, ular oilasidagi bahamjihatlik muhitini, ro‘zg‘orlaridagi saranjom-sarishtalikni ommaviy axborot vositalari orqali aholiga namuna qilib ko‘rsatish maqsadida turkum ko‘rsatuv va maqolalar sonini ko‘paytirish;

xalq deputatlari viloyat va tuman (shahar) Kengashlari deputatligiga va fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) hamda saylash asosida jamoat tashkilotlariga tayinlanadigan rahbarlik lavozimlariga tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolar fikrini inobatga olgan holda, nomzodlarni ilg‘or va tashabbuskor pedagog kadrlar tarkibidan ko‘rsatishni keng joriy qilish;

ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining sog‘liqlarini profilaktika qilishni yaxshilash borasida ularni sog‘liqni saqlash organlari tomonidan bir yilda bir marotaba keng qamrovli bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

ta’lim muassasasi va xalq ta’limi boshqaruv organlarida 5 yildan ortiq faoliyat olib borayotgan, o‘z kasbiy mahoratini namoyon qilayotgan, ta’lim sifatiga munosib hissa qo‘shayotgan pedagoglar uchun arzon uy-joylar qurilishi dasturi doirasida uy-joy sotib olishlari uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

2018 yil 1 sentyabrdan boshlab:

a) umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining yuqori sinf o‘qituvchilarining oylik ish haqlari 24 foizga, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining oylik ish haqlari esa 10 foizga oshirilishi mumkin;

b) ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiya jarayoniga shaxsiy hissa qo‘shayotgan, o‘z kasbiga sodiqlik va tashabbuskorlik, yuqori kasb darajasini namoyon etayotgan, o‘quvchilari hududiy, respublika va xalqaro miqyosdagi turli fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan pedagog kadrlarga eng kam oylik ish haqining 3 barobaridan 20 barobarigacha miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantirish tartibi joriy etilishi mumkin;

v) umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilarining pedagogik yuklamasi bekor qilinadi, ulardan ortiqcha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish amaliyoti qat’iyan taqiqlanadi;

g) umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari tomonidan oliy va birinchi malaka toifasini olish uchun topshiriladigan test sinovlari uchun to‘lanadigan to‘lov miqdorini ikki barobarga kamaytiriladi;

d) umumta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi mablag‘larini shaffoflik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplari asosida sarflash imkonini beruvchi yangi tartib ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Maktabgacha ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda:

har tomonlama mukammal bilim va salohiyatga, yuksak insoniy fazilatlarga ega bo‘lgan pedagog kadrlarni tayyorlash uchun pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida abituriyentlar uchun test sinovlari bilan birga bitta fan bloki o‘rniga ijodiy imtihon kiritiladigan ta’lim yo‘nalishlarini belgilaydi;

ta’lim muassasalarining pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini chuqur tahlil qilgan holda pedagogika sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga davlat granti asosida qabul kvotalarini ko‘paytirish yuzasidan asoslantirilgan takliflar kiritadi.