Bilasizmi?

Psixologlar yolg‘izlik turli kasalliklar va erta o‘limga olib kelishini aniqladilar

Olimlar yolg‘izlik miya ishiga ta’sir qilishi va oxir-oqibat immun tizimining faoliyatiga salbiy ta’sir qilishini aniqladilar. Bu tadqiqot haqidagi maqola Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etildi.

Olimlarning tadqiqoti birinchi marta yolg‘izlik odam salomatligi uchun xavf tug‘dirishini ko‘rsatdi. Avvalroq o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, jamiyatdan yakkalanish erta o‘lim xavfini 14 foizga ko‘paytirishi ma’lum bo‘lgandi, biroq ayni paytgacha bu holatning mexanizmi tushunarsiz qolayotgan edi.

Olimlar yolg‘izlik organizmda “ur va yugur” stress reaksiyasini, ya’ni organizm xavfni bartaraf etish uchun kuchlarni safarbar etadigan holatni keltirib chiqaradi. Uzoq vaqt davomida yolg‘iz bo‘lish organizmda yallig‘lanish reaksiyasiga javobgar genlarning faolligini oshiradi hamda kasalliklar bilan kurashuvchi genlar faolligini kamaytiradi. Oqibatda yolg‘iz odamlar zaif immunitetga ega bo‘ladilar, yallig‘lanish jarayonlari esa organizmda tezroq kechadi. Bundan tashqari, yolg‘iz odam o‘zini ijtimoiy jihatdan himoyasiz his qiladi, bu esa sog‘liqqa katta ta’sir ko‘rsatadi.

Olimlarning aytishicha, uzoq ijtimoiy yakkalanish surunkali kasalliklar va barvaqt o‘lim xatarini oshiruvchi omil hisoblanadi va bu holatning molekulyar mexanizmlarini yanada chuqurroq o‘rganish talab etiladi.

Manba: Kun.uz