O‘zgalarning maoshi bilan qiziqish odobdan emas – ko‘pchilik yaxshi tanish bo‘lmagan odam bilan muloqotda bunday savollardan «qochishga» bir necha marta harakat qilgan bo‘lsa ajab emas. Biroq ba’zida o‘zimiz ham atrofdagilarni o‘ta qiziquvchanligimiz va harakatlarimiz bilan noqulay vaziyatga solib qo‘yayotganimizni sezmay qolamiz. Pul madaniyatining ba’zi qoidalarini bilsak, buni bartaraf etish mumkin.
O‘zingizni sinab ko‘ring: restoranda do‘stlar bilan qanday hisob-kitob qilish, hamkasbga sovg‘a uchun pul yig‘ish va noo‘rin savollardan qanday chiqib ketishni bilasizmi?
Biz pul madaniyatining har bir katta odamga kerakli bo‘ladigan 10 xil vaziyatini to‘pladik.
1. O‘zgalarning xarajati va tanlovini izohlamang
Atrofdagilar pulni qanday sarflashini muhokama qilish, nafaqat odobsizlik, balki ma’nisizdir. Agar do‘stingizni siz bilan dam olishga taklif etsangiz-u, u rad javobini bersa, sizning «Maoshing menikidan ikki marta ko‘p, ketdik!» qabilidagi izohlaringiz uning qarorini o‘zgartirmaydi. Biroq munosabatlarga putur yetkazishi mumkin. Aslida do‘stingiz bilan qanchalik yaqin bo‘lsangiz-da, uning hozir qanday moliyaviy vaziyatda (qarz, kredit, operatsiyaga pul yig‘ish va h.k) ekanini bilmasligingiz mumkin.
Bundan tashqari, o‘zgalarning xarajatlarini, ayniqsa ularning ortidan muhokama qilishdan o‘zingizni tiying. Albatta, hamkasbingizning qimmat sartaroshga borishi aqlga sig‘mas yondashuv bo‘lishi mumkin. Axir bunday xizmat uchun ikki baravar kam pul to‘lasa ham bo‘ladi-ku! Ha, siz pulni boshqacha sarf qilgan bo‘lardingiz. Biroq bu uning tanlovi, sizniki emas.
2. Birgalikda vaqt o‘tkazishni reja qilayotgan bo‘lsangiz, do‘stlaringizning moliyaviy holatini ham hisobga oling.
Agar dugonangiz kredit to‘lovini amalga oshirayotgan yoki dam olishga pul yig‘ayotgan bo‘lsa, qimmatbaho restoranga borish fikrida qat’iy turib olish yaramaydi. Yaxshisi u qayerga borishni istashini so‘rab ko‘ring: shunday qilsangiz, uning rad etishiga to‘g‘ri kelmaydi, siz esa o‘zingizni noqulay his qilmaysiz.
3. Guruh nomidan qilinadigan sovg‘a uchun pul yig‘ayotganda har bir odamning byudjetini hisobga oling.
Do‘stlar va hamkasblar nomidan sovg‘a uchun pul yig‘ishni siz tashkillashtirayotgan bo‘lsangiz, bir xil miqdordagi pul mablag‘i hamma uchun ma’qul bo‘ladi deb o‘ylash yaramaydi. Tasavvur qiling: kimdir byudjetiga sovg‘a uchun 50 ming so‘m chiqimni kiritgan, undan esa 100 ming so‘m talab qilinyapti! Boshqa birov uchun pul yig‘ish umuman kutilmagan holat bo‘lishi mumkin. Shuning uchun hammadan u qancha sarflashga tayyor ekanini bilib olgan va ushbu ma’lumotdan kelib chiqib ish ko‘rgan ma’qul.
4. Restorandagi hisob haqqoniy ravishda teng bo‘linayotganiga e’tiborli bo‘ling
Restoran yoki bardagi hisobni katta kompaniyaga bo‘layotganingizda deyarli yemagan yoki ichmagan odamlar borligiga ishonch hosil qiling. Kimgadir kompaniya uchun buyurtma qilingan taom yoqmagan bo‘lishi mumkin, boshqa birov musallasni rad etgan bo‘lishi mumkin. Hech kim o‘zgalar uchun olib kelingan yaxna taom va ichimlik uchun qo‘shimcha haq to‘lashni istamaydi. Shuning uchun bunday holatda har bir kishi o‘ziga to‘lagani osonroq.
5.Agar do‘stingizga biror xizmatni ko‘rsatishi uchun murojaat qilsangiz, boshqa professional odam kabi uning xizmat haqini to‘lang
Ha, bu zo‘r tikuvchi yoki suratkash – sizning do‘stingiz. Biroq munosabatlaringiz avtomatik chegirmalar bermaydi. U sizga biror nima qilib berish uchun o‘z vaqti va resurslarini sarflamoqda, shuning uchun uning mehnatiga mos ravishda haq to‘lang.
6. Sizdan kam maosh oladiganlarga pul bilan muammolaringiz ustidan shikoyat qilmang
Siz anchadan beri yangi televizor xarid qilmoqchi edingiz, narxlar kutilmaganda ko‘tarildi. Ha, bu yoqimsiz holat. Ikki oydan beri oddiy mikroto‘lqinli pech sotib ololmayotgan odam uchun shikoyatingizni eshitish ikki marta yoqimsiz. Shuning uchun do‘stingiz o‘zini sizdan ham yomonroq his qilmasligi uchun o‘zingizni bunday muhokamalardan tiying.
Umuman olganda, universal qoidani yodda tutish zarur: yaqinlaringizning kirimi, qarzi, xarajat va kreditlari haqida qancha ko‘p bilsangiz ham moliyaviy mavzularni ehtiyotkorlik va tushungan holda muhokama qiling.
7. O‘zgalardan ularning buyumlari qancha turishini so‘ramang
Odamlar o‘zgalarning maoshi bilan qiziqish odobdan emasligini bilishadi, biroq shunga o‘xshash boshqa savollar berishdan uyalmaydilar: «Ijara haqi qancha?», «Qimmatbaho tufli?», «Yo‘llanma qanchaga tushdi?». Bunday savollar berish orqali suhbatdoshingizni noqulay vaziyatga solib qo‘yishingizni unutmang. Ular haqida unuting, agar qiziquvchanligingiz tinchlik bermayotgan bo‘lsa, sizni qiziqtirgan buyum narxini gugldan izlang.
Agar bunday savollarni sizgaberishsa, yodingizda bo‘lsin, ularga javob berishga majbur emassiz. Yoki ularning o‘zidan manna bunday so‘rishingiz mumkin: «Nima uchun so‘rayapsiz?»
8. Qarzni doimo o‘z vaqtida qaytaring
Ideal dunyoda hech kim qarz olmaydi va bermaydi. Biroq agar qarz olgan bo‘lsangiz, qachon qaytara olishingizni ayting va muddatga rioya eting. Agar pulni qachon qaytarishni bilmasangiz, do‘stingizga ham aynan shunday deng. Rad etilsangiz, xafa bo‘lmang: do‘stlik o‘z yo‘liga, hech kim sizga homiylik qilishga majbur emas.
9. Majburlik hissi tufayligina qarz bermang
Ba’zi kishilar do‘stlar va qarindoshlarga qarz bermaslik qoidasiga amal qilishadi. Bir tomondan bunda ratsional asos bor. Agar bunday amaliyotga qarshi bo‘lmasangiz, vaziyat byudjetingizga ham, munosabatlaringizga ham putur yetkazmasligiga ishonch hosil qiling. Oxir-oqibat pulni qaytarish bilan yuzaga keladigan muammolar sabab do‘stni yo‘qotgandan ko‘ra do‘stingizga rad javobini berganingiz ma’qul.
Agar yaqin kishingizga rad javobini berishga uyalayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizni oqlashga majbur emassiz. Kredit to‘layotganingiz va yirik xaridga pul yig‘ayotganingizni ayting.
10. O‘zgalarni pul bilan qanday muomala qilish kerakligiga o‘rgatmang
Balki bu odamga yordam berishni istayotgandirsiz. Biroq o‘zgalarni ularning pullarini qanday sarflashga o‘rgatish yaramaydi. Balki siz pulni qanday yig‘ish, kredit olishdan «qochish»ni yaxshi bilarsiz. Ammo ular bunday maslahatlarni sizdan so‘rashganidagina moliyaviy saboqlaringizdan minnatdor bo‘lishadi. Aks holda bu ularning g‘ashini keltiradi.
Odatda pul bilan bog‘liq masalalarda aql-zakovat bilan ish ko‘rishning o‘zi yetarli. Bu oddiy qoidaga rioya eting, agar kimdir uni buzayotgan bo‘lsa, shaxsiy chegaralarni o‘rnatishdan cho‘chimang.
Balki bu ro‘yxatga qo‘shimchalaringiz bordir? Izohlarda fikrlaringizni biz bilan bo‘lishing.
Manba: Kun.uz