Ish

Qanday qilib ish va oila o‘rtasidagi muvozanatni topish mumkin?

Maqolada stressdan qutulish hamda oila va ish o‘rtasidagi muvozanatni saqlash haqida bilib olasiz.

Bugungi dunyoda ish va shaxsiy hayotni muvaffaqiyatli tarzda uyg‘unlashtirish — oson ish emas. Har kuni biz tanlov qarshisida qolamiz: uzoqroq ishlash yoki oila bilan vaqt o‘tkazish, vaqtingizni o‘zingiz va yaqinlaringiz uchun sarflash. Albatta, biz har yerda har narsaga ulgurishga intilamiz, biroq hayotimizdagi qaysidir soha oqsashi muqarrar. Ko‘plab mamlakatlarda ushbu muammo kompaniya rahbariyati tomonidan, hattoki davlat darajasida hal qilina boshlagan, zero hayotimizning ushbu ikkita muhim tarkibiy qismi — oila va ish o‘rtasidagi muvozanat uyg‘unlik va baxt, pirovardida esa salomatlik va professional samaradorlikning oshishi garovidir.

Nimanidir o‘zgartirish vaqti kelganini qanday aniqlash mumkin?

  • Siz oilangizga kam vaqt ajratayotganingiz uchun o‘zingizni tez-tez aybdor his qilmoqdasiz;
  • zo‘riqish, bezovtalik va yomon kayfiyat oddiy holatga aylangan;
  • dam olish chog‘ida ish haqida o‘ylamasdan tura olmaysiz, ba’zan hatto oilangiz bilan muloqotdan qochasiz;
  • sizni tark etmayotgan charchoq hissini ishdagi zo‘riqish natijasiga yo‘yasiz;
  • oilada nizolar ko‘paygan, uydagi muammolar tufayli siz shaxsiy munosabatlaringizni ishda qurishga intilasiz;
  • hamkasblar va sheriklaringiz bilan xushmuomala, e’tiborli, nazokatli munosabatda bo‘lasiz, uyga qaytgach esa, bor zahringizni yaqinlaringizga sochasiz.

Agar yuqoridagi bandlardan birortasi ham sizga to‘g‘ri kelsa, unda chora ko‘rish vaqti keldi.

Ish va uy o‘rtasidagi muvozanatni yo‘qotib qo‘ydingiz, endi nima qilish kerak?

Birinchidan, diqqatingizni boshqa yo‘nalishga o‘zgartirishni o‘rganing va uyga kelgach, ishni tashqarida qoldiring. Ish qanchalik muhim bo‘lmasin, u yaqin odamlaringiz bilan muloqot o‘rnini bosa olmaydi. Agar ishda sizni nimadir xavotirga solayotgan bo‘lsa, uni oilangiz bilan bo‘lishing, bu sizni yanada yaqinlashtiradi.

Ikkinchidan, o‘zingiz uchun hayotingizdagi ikkala sohani ham bir xil darajada ahamiyatli deya e’tirof eting. Ulardan birini boshqasining zarariga afzal ko‘rish kerak emas. Ishxona va uydagi ishlarni muvozanatlashtiring va eng muhim ishlarni to‘g‘ri taqsimlang.

Uchinchidan, ish kunini rejalashtiring va unga rioya qilishga intiling. Bu bir yo‘la bir nechta muammoni hal etishda yordam beradi: oilangiz bilan vaqt o‘tkazayotganda to‘satdan yodingizga tushgan ishlarga chalg‘imaysiz, uyda nizolar kamaysa, ishda ham xotirjamlik bilan xizmat vazifalaringizni bajarishingiz mumkin bo‘ladi.

To‘rtinchidan, o‘zingizga majburiyatlaringizning bir qismini hamkasblarga yuklashga yoki yordam so‘rashga izn bering. Barcha ishlarni mustaqil tarzda bajarishga urinmang. Onangiz, opa-singillaringizdan uy ishlariga yordam berishni yoki bolalarga qarab turishni so‘rang, uyda ovqat pishirishga ulgurmasangiz, restoranda tanovul qiling. Mas’uliyat — yaxshi xususiyat, biroq siz mutlaqo hamma narsani o‘z yelkangizga orta olmaysiz.

Beshinchidan, o‘z-o‘zingiz bilan ro‘y-rost va ochiqchasiga gaplashing. O‘zingizdan baxtli yoki baxtli emasligingiz haqidagi savolni tez-tez so‘rab turing. Har kuni o‘z ishingiz bilan shug‘ullanish sizga quvonch keltiryaptimi yoki mashg‘ulotingizni o‘zgartirish vaqti keldimi? Sizda doim bu savollarga javob bo‘ladi, asosiysi, o‘z-o‘zingizga diqqat bilan quloq tuting!