Oila

"Qaynonam yotoqxonamga aralashaveradi"

Hech ahamiyat berganmisiz, ko‘cha-kuyda, to‘y-hashamda kelinlar to‘planib qolsa, qaynonalar darhol ularning suhbatini bo‘lishga harakat qilishadi. Nedurki, kelinlar bir bo‘lib, qaynonasini yomonlar emish... Bu gapda nechog‘li jon bor bilmadimku-ya, lekin yaqinda er-xotin «yotoqxonasiga qorovulchilik» qiladigan qaynonalar haqidagi hasratni eshitib qoldim... Qanchalik hayratlanmay, bu kabi holatlar ko‘pchilikning dardi ekan...

«Yolg‘izlik qursin...»

Sabohat aya, 58 yosh: — Uch farzandimni voyaga yetkazib, erta-indin quda-andali bo‘lamiz deb turganimizda turmush o‘rtog‘im vafot etdi. Ikki qizimni uzatdim, yolg‘iz o‘g‘limni ham uylantirdim. Yetkazganiga shukr, bir-biridan shirin nabiralarim bor. Kuni bo‘yi shulardan ortmasam ham kechga borib, televozor qarshisida bir o‘zim qolib ketaman. Qani endi kelinim bilan o‘g‘lim men bilan gurunglashib o‘tirsa.... Avvaliga kelinim ham ana shu kechki suhbatlarimizda biz bilan birga o‘tirardi, keyin esa o‘g‘lim bilan bizni yolg‘iz qo‘yadigan bo‘ldi. Keling, o‘tiring, desam ishlarimni qila qolay, deb javob berardi. Biroz vaqt o‘tgach esa, er-xotin tez-tez urishadigan bo‘lib qoldi, o‘g‘lim ham uyga kech qaytadigan odat chiqardi. Yaqinda esa uning bir juvonga ilakishib qolganini bilib qoldim. Shunda kelinim «O‘g‘lingizni kechalari bilan oldingizda olib o‘tiravermaganingizda, bu ishlarning hech biri bo‘lmasdi» deya ta’na qildi-yu, dunyo ko‘zimga qorong‘u bo‘lib ketdi. Axir men onaman, o‘z farzandim oilasiga ham yomonlik tilaymanmi?

«Shu ham hayot bo‘ldimi? »

Karim, 27 yosh: — Uylanganimga tщrt oy bo‘ladi. Istak bilan imkoniyat bir-biriga har doim ham mos kelavermas ekan. Ota-onam, akam, xotini, bir qizchasi va men rafiqam bilan 4 xonali uyda yashaymiz. Sal qattiqroq yo‘talsangiz, shubhasiz hamma eshitadi. Rafiqam tabiatan uyatchan, kamiga yotoqxonamizni oldidan kimdir o‘tsa bormi, yaqinlashishimga yo‘l qo‘ymaydi. Ba’zan oilamdagilarning bu ishidan jahlim chiqib ketadi. Atay qilishadimi, nima?! Axir bir vaqtlar o‘zlari ham mendek his-tuyg‘ularni boshidan o‘tkazishgan-u?! Nahotki yosh er-xotinni bezovta qilmaslik haqida o‘ylab ko‘rishmasa... Xotinim o‘zini noqulay his qilishi, haddan ortiq uyalishi, qo‘rqishi menga ham o‘z navbatida ta’sir ko‘rsatyapti. Turmushimiz boshlanmasidan avval izidan chiqib bo‘lgani alam qiladi!

«Qizg‘onmang, oyijon o‘g‘il sizniki...»

Dono, 26 yosh: Qaynonam o‘g‘li menga mehribonlik ko‘rsatayotganini ko‘rib, ichlari tirnalayotganini ochiqchasiga ko‘rsatadi. Kamiga suhbatimizni ham poylaydigan odati bor. Bu nima, rashkmi? O‘zlari sezmagan holda meni kundosh o‘rnida ko‘ryaptilarmi? Ertalab barvaqt tura olmasam, darrov xulosa chiqarishga shoshiladi. Qaynisinglim uxlab qolsa, “Charchagandir, bir oz dam olsin” deydi-yu, menga kelganida, «eringni oldida ilonday to‘lg‘ongandan ko‘ra, ertaroq tur», deb jahl bilan yotoqxonamgacha kirib keladi. Erim chorlaganida kirolmasam, u kishidan baloga qolaman. Nahotki, er-xotin tinch bo‘lsin, mehr-muxabbat bilan yashasin, deb suyunish qiyin bo‘lsa! Kunda janjal qilganimizda nima qiardilar?!

“SIZGA NIMA? SIZ UXLANG, HECh IShINGIZ BO‘LMASIN!”

Ramazon NAZAROV, oliy toifali shifokor, seksopatolog: — Hurmatli ota-ona, farzandingiz bog‘cha, maktab, hattoki, oliy o‘quv yurtiga ilk marotaba borgan vaqtini bir eslab ko‘ring. Yangi muhitga moslashguniga qadar ozroq muddat va yaqinlarining yordami zarur bo‘lgan-ku?! To‘g‘rimi?! Turmush masalasida ham shu! Ikki yosh yangi hayot tarziga, bir-biriga ko‘nikib olgunigacha ularni xoli qoldirish, tinch qo‘yish lozim. Er-xotin ishiga hech kim va hech bir sabab bilan aralashmaslik kerak! Imkoni boricha, yoshlarning yotoqxonasiga dahl qilmaslik, imkon bo‘lmaganida esa, ularning tunda cho‘milishiga yoki xonasidan chiqayotgan tovushlarga shunchaki befarqlik bilan qarashni maslahat beramiz. Aks holda, yoshlarning har ikkisi, ayniqsa, yigit kishi ko‘proq tushkunlikka tushadi. Oilaning tinchligi va totuvliginining tirgaklaridan biri jinsiy hayot ekanligini tan olmay ilojimiz yo‘q! Bir-biridan qoniqish tuymagan er-xotin o‘rtasidagi munosabatlar bora-bora sovuqlashib, kelishmovchiliklar yuzaga kelishi mumkin. “Qorovul” qaynonalarga aytar gapim, keliningiz yelib-yugurib xizmatingizda bo‘lishini, o‘g‘lingiz uyga shoshib qaytishini istasangiz, bu ishingizni tashlang!

“Erkaklarga ko‘p narsa bog‘liq!”

Go‘zal RO‘ZMATOVA, ruhshunos: — Xalqimizda «Qizil oyoq kelib, qizil yuzdan judo qildi», degan maqol bor. Bu kelin kelib, o‘g‘limni o‘ziniki qilib oldi, degani. Ayrim ayollarda o‘g‘lini qizg‘anish hissi bo‘ladi. O‘g‘il uylanib, kelin bilan yotog‘iga kirib ketganidan keyin ona qalbida bir uzilish bo‘ladi. Ya’ni, hamisha yonida bo‘lgan o‘g‘il endi o‘zganing ihtiyorida. Balki shu his onada kelinga nisbatan norozilik uyg‘otar? Bu ruhiyat muammosi. Fikrni birdaniga rad etmayligu o‘ylab ko‘raylik. Qaynona-kelin muammosini hal etishda shu ruhiy holatni ham nazardan chetda qoldirmaylik. Ayniqsa, o‘g‘il farzandlar shu masalada ehtiyot bo‘lishlari kerak. To‘ydan keyin onaga bo‘lgan e’tiborni zarra qadar ham kamaytirmasliklari shart.

Kelinlarga ham ikki og‘iz ....

Turli muammolarga to‘la turmushning bir mushtidan qochay desangiz, biz bergan maslahatga befarq bo‘lmang! Eringiz bilan o‘rtangizdagi munosabatlarni qaynonangizga namoyish etmaslikka harakat qiling. Hamma ish yeng ichida bo‘lgani ma’qul. O‘zingizni shunday tutingki, sizga eringiz emas, hammadan ham qaynonangiz muhimroqday ko‘rinsin. Qovog‘idan qor yog‘ib tursa ham, yonida bo‘ling, atrofida aylanib-o‘rgiling. Aslo, o‘g‘li bilan yolg‘iz qolganingizga ko‘zi tushmasin. Doim ko‘z o‘ngida yuring, shu bilan ko‘nglini hotirjam qilasiz. Ishoning, bu ishlar bir umr davom etmaydi, bir necha oy, balki yillar o‘tib, qaynona o‘g‘lini tortib olmaganingizga ishonadi va sizni tinch qo‘yadi. Ammo turmushning ilk damlari qiyin kechishi aniq va sizdan og‘ir-bosiqlik talab qilinadi. Bu qiyinchiliklardan aql-farosat bilan o‘tsangiz, er ham, qaynona ham sizniki bo‘ladi! Ishoning!

Er-xotinning xobgohi shu qadar sirli va muqaddaski, unga uchinchi shaxs dahl qilish huquqiga ega emas! U yerda faqatgina turmush va muhabbatning mevalari dunyo yuzini ko‘rishga haqli! Oilaning har bir a’zosi donolik, farosat va bir-biriga teskari bo‘lmay ish yuritsa, albatta hammasi yaxshi bo‘ladi!

Manba: Darakchi.uz