Agar kun oxirida ko‘zingizni ochib-yumishda bir daqiqalik sanchiq va achishish sezilsa, bu sizda quruq ko‘zlar sindromi yoki kseroz belgilari paydo bo‘lganidan darak beradi.
Quruq ko‘zlar sindromi – bu bug‘lanishning yuqori bo‘lishi yoki ko‘z yoshi ishlab chiqarilishi buzilishi natijasida ko‘z qorachig‘ining yetarlicha namlanmaslik holatini bildiradi.
«Oxirgi vaqtlarda quruq ko‘zlar sindromi juda keng tarqalgan, — deydi Amerika oftalmologiya akademiyasi vakili, ko‘z pardasi kasalliklari bo‘yicha mutaxassis doktor Stefani Mariono. — Zamonaviy dunyoda, odamlarning nigohi doimiy ravishda planshet, telefon, kompyuter va televizor ekranlariga qaratilgani uchun ular hatto ko‘z yumishni ham unutib qo‘ygan!»
Odatda ko‘z yoshi qavati ko‘z qorachig‘i yuzasini to‘liq qoplashi va uni himoya qilib turishi kerak. U qurib qolmasligi uchun biz kun davomida har 4 soniyada ko‘zimizni ochib-yumib turishimiz kerak.
Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlarda kompyuter bilan ishlaydigan har o‘nta odamning to‘qqiztasi ko‘zini yetarlicha ochib-yummasligi ma’lum bo‘ldi. Bu ularning ko‘z qorachig‘i yuzasi kelib tushadigan suyuqlik miqdoridan ko‘ra ko‘proq bug‘lashini bildiradi. Natijada biz yuqorida sanab o‘tilgan hamma salbiy belgilarni va hatto ko‘rish qobiliyatining buzilganini ham sezamiz.
Kompyuterda ishlashda, televizor ko‘rishda, elektron kitoblar o‘qish vaqtida ko‘zingizni qancha vaqtda ochib-yumishingizga e’tibor bering.
Boshida bu sizga biroz noqulaylik tug‘diradi va ko‘zni tez-tez ochib-yumishga o‘zingizni majbur qilishingizga to‘g‘ri keladi. Lekin bunday tartib odatga aylanadi va siz kun oxiriga kelib quruq ko‘zlar haqida butunlay unutasiz.
Manba: Daryo.uz