Shuncha ishga qanday ulgurasiz? Ro‘mol o‘rabsiz, endi ishlamaysizmi yoki? Endi uyda o‘tirasizmi? Ishingiz, ilmiy ishingiz nima bo‘ladi? Vaqtingizni qanday tashkillashtirasiz? Prioritetlarni qanday tuzasiz?
Agar, bir oz muddat ilgari menga bu savol bilan murojaat etganingizda faqat ishlashimni, ko‘chadayam ish, uydayam ish (ishhona yozuv-chizuvi), kamiga yana qo‘shimcha tadbirlar, uchrashuvlar bilan band ekanligim, faqat bamdod namozini o‘qishim to‘g‘risida aytib bergan bo‘lardim. Hozirchi nima o‘zgardi dersiz?
Hozir xam ishlayman, kun tartibim deyarli o‘zgarmagan, ammo barcha ishlarim bamdod namozidan peshingacha, peshindan asrgacha vaqtga bo‘lingan, prioritetga albatta farzlarim ko‘tarilgan deb javob bergan bo‘lardim.
Ilmiy ishlarim davom etadi, ammo yo‘nalishi o‘zgaradi xolos. Kechagi maqolamda aytganimdek, Islomni tibbiyotga bog‘lab o‘rganaman endi, In Shaa Alloh.
Kasbim yuzasidan oldimga kelgan ayollarimiz shikoyat qilib qolishadi, har bir kunim bir xil, oila, ish, kuni bo‘yi vaqtim qanday o‘tganligini bilmayman. Ba’zida vaqtim behuda gap, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi lentani aylantirish kabilarga ketib qoladi. Qarabsizki, kun, oy, yil shu tarzda davom etayapti. Nima maslahat berasiz?
O‘zingga ravo ko‘rganingni boshqalarga xam ravo ko‘r degan dono xalqimiz. Shuning uchun o‘zim kun tartibimni qanday rejalashtiraman, prioritetlarni qanday tuzaman, oilamga qancha vaqt ajrataman, shular haqida batafsil to‘htab o‘tmoqchiman.
Avvalo vaqtni to‘g‘ri tashkillashtirish to‘g‘risida dinimizda nimalar deyilgan, shunga qisqacha to‘htab o‘tsak. Vaqtni behudaga sarflamaslik muhimmi? Albatta, qiyomat kunida bu hakda so‘ralamiz, behuda vaqtga javobini, foydali vaqtga ajrini olishimiz bor!
Termiziydan rivoyat qilinadi: «Qiyomat kuni banda 4 narsaga javob bermaguncha, joyidan jilmaydi, hayoti haqida – qanday o‘tkazganligi, yoshligi haqida – nimalar bilan mashg‘ul bo‘lganligi, boyligi haqida - nimalarga sarflaganligi, bilimi haqida – qanday foydalanganligi haqida albatta so‘raladi. Shunday ekan, bizning bo‘sh vaqtimiz Allohning ne’mati ekanligini his etgan holda yondashsak, vaqtimiz behudaga sarflanishiga yo‘l qo‘ymagan bo‘lamiz.
Ayollarni behuda vaqt sarflashiga ta’sir etuvchi omillar o‘rganilganda, quyidagilar aniqlangan:
1. Hayrli ishlarni keyinga qoldirish. Agar biron bir hayrli ish hayolingizga kelsa, uni darhol bajarishga kirishing. Sababi shu ishni o‘ylagan zahotingiz, shayton oldingizda paydo bo‘lib, bu ishni keyinroqqa qoldirishingiz rejasini tuza boshlaydi. Shuning uchun biron yaxshilikni o‘yladingizmi, uni tez amalga oshirishga shoshiling!
2. Vaqtni behuda o‘tkazish (lag‘v). Ijtimoiy tarmoqlarda keraksiz bahslar, turli muhokamalar, TV dagi noinformativ ko‘rsatuv va filmlar, telefon va telegramdagi befoyda suhbatlardan saqlanishni tavsiya etardim. Muslima ayol doim o‘z aqli bilan xatto Payg‘ambarimiz Muhammad S.A.V. ni xam lol qoldirgan davrlarini eslab, intellektni rivojlantirish yo‘lini o‘ylang. Yaxshisi har kuni bitta sura o‘qing, undan xam yaxshisi yodlashga xarakat qiling!
3. «Noto‘g‘ri» dugonalarga taqlid qilish. Qaysidir dugonangiz behuda sayohatlar, keraksiz tadbirlar bilan band bo‘lib, yengil hayot kechirishga o‘rgangan bo‘lsa, undan aslo o‘rnak ola ko‘rmang va uzoqlashing, muslima, taqvolilariga yaqinlashing.
4. O‘z kamchiliklaringiz va muammolaringiz to‘g‘risida behuda o‘ylash. Albatta, beayb Alloh, kamchilik xammada bor. Bu kamchiliklarni hayotdagi asosiy muammoingizga aylantirib ulgurmasingizdan, Allohdan panoh so‘rashlik, bunday hayollardan halos bo‘lib, umringizga, ishingizga baraka so‘rash bilan band bo‘lishlik ma’qul albatta!
Muslima ayol uchun taym menejment quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
1. Allohning roziligiga asosiy diqqatingizni qarating. Ya’ni kun, hafta, yil davomida qilgan rejangizdan qat’iy nazar, farzlaringiz doim prioritetda bo‘lsin va har bir ishingizni Allohning roziligi uchun qiling!
2. Kunlik ishingizni 5 vaqt namoz oralig‘ida rejalang yoki ish vaqtida namoz o‘qib olish taraddudida bo‘ling. Namoz paytida ming kerakli ish bo‘lsa xam rejalamang. O‘sha «zarur ishingiz», «zarur insoningiz» kutib turmasinu, namoz vaqtida Alloh kutib tursinmi? Bunga aslo yo‘l qo‘ymang, Allohni kuttirmang!
3. Doim ko‘z o‘ngingizda kunlik, haftalik, yillik rejangiz bo‘lsin! Har kuni 1 qadam qo‘ysangiz, maqsadingiz sari yaqinlashasiz. Har bir rejangizni oxirini emas, keyingi bosqichiga chiqishni o‘ylang. Chunki, ishni oxirini uylasangiz, bu ish nihoyasiga yetmasligi mumkin. Shuning uchun rejalaringizni bosqichma-bosqich amalga oshirasiz, Allohga tavakkal qilib boshlang va aslo gumonda bo‘lmang! Zig‘ircha gumoningiz bo‘lsa ham, ishingiz ko‘nglizdagidek chiqmasligi mumkin.
4. Har kuni o‘zingiz va oilangizdagilar uchun duoda bo‘ling.
5. O‘zingizga nisbatan talabchan bo‘ling va o‘z qoidalaringizga rioya qiling! Muslima ayol sizga oson emas, oila sizning gardaningizda. Ammo unutmangki, siz dangasa, uyquchi, o‘z ustingizda ishlashni istamasangiz, bilingki, farzandlaringiz uchun yomon o‘rnaksiz. Har bir ishingizni ohirini, asoratini o‘ylagan xolda ish tuting! Har bir kun, hafta, oy, yilga plan qiling! Uni amalga oshirishda esa 3 punktdagi yozganlarimni unutmang.
6. Tanaffus qiling va ruxingizga, tanangizga dam bering. O‘qish, ish, ro‘zg‘or, ilmga vaqt ajratganingiz kabi dam olishga xam vaqt ajrating. Parallel tarzda Qur’on tinglash xam relaksatsion xususiyatga ega bo‘lib, kun davomidagi tanadagi va ruxiy charchoqni chiqarib yuboradi.
7. Qaysidir ishingizni sizni o‘rningizga kimdir bajara olishiga ko‘zingiz yetsa, uni o‘sha odamga yuklang. Bu bilan o‘z vaqtingizni boshqa muhimroq vazifaga ajratasiz. Va qarabsizki, boshqaruv psixologiyasidan xam ko‘nikmangiz shakllanib, yaxshi organizator, raxbarga aylanganingizni bilmay xam qolasiz.
8. Doim qisqa yo‘lini izlang. Vaqt va yo‘lni qisqartirishni, undan samarador foydalanishni o‘rganing. Bir soatda 5 daqiqa tejasangiz, bir kunda 2 soat vaqtingiz foydaga qoldi degani.
Xar kuni o‘zingiz uchun kun tartibini hayolan yoki yozma ravishda rejalang. Rejangizdagi 5 ta ishdan 2-3 tasiga ulgurgan bo‘lsangiz xam tasanno! Sababi vaqtni behudaga sarflashdan shu afzal! Allohga hamd-sano aytib, zikr qilishni aslo unutmang!
Gavhar Teshaboyeva