Oshxona

Ro‘zadorlar uchun to‘yimli taomlar tayyorlaymiz

Ramazon oyining yoz fasliga to‘g‘ri kelishi ro‘za tutishni niyat qilganlarda biroz hadik uyg‘otishi mumkin. Ammo bundan tashvishga tushmasdan, saharlik uchun to‘g‘ri taomlarni tanlash maqsadga muvofiqdir. Saharda o‘zingiz uchun quvvat va chanqoqbosdi bo‘ladigan taom tanlay olsangiz bas. Quyida sizga qadimdan tanovvul qilib kelingan foydali taomlar retseptini havola etishga qaror qildik.

Saharlik uchun — Go‘ja oshi

Ushbu taom saharlik uchun juda ma’qul. Chunki u o‘zining vitaminga boyligi, to‘yimliligi va tashnalikni chaqirmasligi bilan ahamiyatlidir.

go‘ja

Taom tayyorlash uchun kerakli masalliqlar:

500 gramm go‘sht, 300 gramm tayyorlangan jo‘xori, 100 gramm yog‘, 2 bosh piyoz, o‘rtacha kattalikda 2 donadan kartoshka va sholg‘om, ta’bga ko‘ra kashnich va rayhon bog‘lami.

Aslida go‘ja oshi uchun do‘konlarda sotiladigan yarim tayyor jo‘xorini ishlatgan ma’qul. Agar jo‘xorini ham o‘zingiz tayyorlamoqchi bo‘lsangiz, qo‘qonjo‘xorini po‘sti yaxshi ajralishi uchun oz-oz suv sepib, kelida tuyasiz. Tuyilgandan keyin sovuq suvda yaxshilab yuvib, ivitib qo‘ying. Qozonga yog‘ solib, qizigach avval mayda to‘g‘ralgan go‘shtni, so‘ng piyozni solib, yaxshilab qovurasiz. So‘ng suv quyib, tayyor ivitilgan jo‘xorini soling. Taom 45 daqiqa qaynagach, to‘rtburchak shaklda mayda to‘g‘ralgan kartoshka va sholg‘omni qo‘shing. Go‘ja oshiga masalliqlarning barchasi pishgachgina tuz solinadi.Tayyor taom kosalarga suzilgach, ustiga mayda to‘g‘ralgan kashnich va rayhon sepishni unutmang.

Iftorlik uchun — Darmon sho‘rva

sho‘rva

Zarur masalliqlar:

800 gramm tovuq go‘shti, tok, yalpiz, otquloq, shovul, rayhon barglaridan hammasi bo‘lib 100 gramm, 2—3 dona lavr yaprog‘i, 200 gramm guruch va 150 gramm qaymoq.

Tayyorlanishi:

Tovuq go‘shtini suvga solib, qaynatma sho‘rva kabi qaynatasiz. Go‘sht pishay deganida guruchni yuvib soling. Suyuq taom tayyor bo‘lgach, barcha barglarni yirikroq to‘g‘rab qozonga tashlang va besh daqiqa qaynating. Darmon sho‘rva kosalarga suzilgach, bir qoshiq qaymoq qo‘shilib dasturxonga tortiladi.

Saharlik uchun yana bir foydali va tansiq taom bu qurtobadir.

Qurtova yoki qurtoba — qurutni qaynagan suvda ezib, ayronni qaynatib tayyorlanadigan parhez tansiq taomdir. Qurut tuyilib yoki suzma iylab ezilib elakdan o‘tkaziladi va qaynagan issiq suvda yog‘och qoshiq bilan atalasimon massa hosil bo‘lguncha aralashtiriladi. Qozonga solib sust olovda bir qaynatib olinadi va eritilgan sariyog‘ solib aralashtiriladi. Sariyog‘ erishi bilan qozonni olovdan olib, kosalarga suziladi. Ushbu taom ham o‘zining to‘yimliligi bilan ajralib turadi.