Sabzining juda foydali sabzavot ekanligi barchamizga ma’lum. Uning tarkibida bir qator qimmatbaho moddalar (karotin, likopin, askorbin kislotasi, B, E, C, K, PP vitaminlar guruhi hamda boshqa minerallar) mavjud. U muntazam iste’mol qilinganda ko‘rish qobiliyatini, oshqozon-ichak tizimi faoliyatini yaxshilaydi, saraton hamda yurak xastaliklarining oldini oladi.
Quyida tayyorlanishi juda osonligiga qaramay, xushxo‘rligi bilan yodda qoluvchi taomlar retseptini e’tiboringizga havola etamiz.
Sabzili pyure-sho‘rva
Zarur masalliqlar: 700 gramm sabzi, 500 ml tovuq bulyoni, 200 ml qaymoq (20-22 foizli), 40 ml zaytun yog‘i, 4 dona sarimsoq piyoz, 1 bosh piyoz, 1 choy qoshiq tuz.
Tayyorlanishi:
Piyozni tozalab, 4 bo‘lakka bo‘lamiz, sabzini archib, yirik bo‘laklarga ajratamiz. Sabzining ustini qoplaguncha va u yumshoq bo‘lib qaynab chiqishi uchun yetarli suv solingan idishga joylaymiz. Kamroq yog‘da piyoz, arpabodiyon va sarimsoq piyozni qovurib olib, sabzi yumshagandan so‘ng kastryulkaga solamiz.
Qo‘l blenderida sho‘rvani dastlab sekin, so‘ngra maksimal tezlikda pyurega aylantiramiz. Unga bulyonni qo‘shib, aralashtiramiz. Sho‘rvaga qaymoq qo‘shib, aralashtiramiz, qaynab chiqqunga qadar kutib, darhol gaz plitasidan olamiz.
Sabzili taomlarga har doim qaymoq, sariyog‘ yoki sut qo‘shishga harakat qiling — shunda undagi foydali moddalar yaxshi hazm bo‘ladi.
Sabzili quymoq (oladyi)
Kerakli mahsulotlar: 250 ml iliq suv, 200 gramm bug‘doy uni, 1 dona o‘rtacha sabzi, 1—2 choy qoshiq shakar, 1 choy qoshiq quruq xamirturush, tuz, o‘simlik yog‘i.
Tayyorlanishi:
Unni elab, shakar bilan aralashtiramiz, tuz va xamirturush qo‘shamiz, kam-kamdan iliq suv qo‘shib, xamir qoramiz. Ustini yopib, ko‘tarilishi uchun bir soatga qoldiramiz.
Sabzini tozalab, qirg‘ichning mayda tishidan chiqaramiz va ko‘tarilgan xamirga qo‘shamiz. Tovani qizdirib, yog‘ solamiz, xamirni bir osh qoshiqdan solib, oladyilarning ikki tomoni qizarguncha pishiramiz.
Tayyor oladyilarni qog‘oz salfetkalar ustiga olamiz. Ta’bga ko‘ra, ustidan shakar yoki shakar pudrasi sepish mumkin.
Manba: Daryo.uz