Bilasizmi?

Sigaret ayolning husniga salbiy ta’sir qilishi aniqlandi

Dunyoda har yili yarim million inson chekuvchiga aylanmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 1,3 milliarddan ortiq kishi kashandalikka ruju qo‘ygan va har yili ushbu illat keltirib chiqaradigan kasalliklar tufayli besh milliondan ziyod odam hayotdan ko‘z yummoqda, deb yozadi Sof.uz.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, tamaki tutuni tarkibida organizmga turlicha ta’sir ko‘rsatuvchi ko‘pgina ingridiyentlar mavjud. Qatron (smola) va uglerod oksidi — asosiy patogen omillardir. Qatron hiqildoq, o‘pka raki va boshqa o‘pka kasalliklari rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Uglerod oksidi qonning kislorod tashuvchanlik xususiyatini pasaytiradi, to‘qimalarga kislorod kelishini izdan chiqaradi va chekish bilan bog‘liq yurak kasalliklarining rivojlanishiga olib keladi.

Tibbiy xulosalarga ko‘ra, chekuvchi ayollar erkaklarga qaraganda tamakidan ikki barobar ko‘p zararlanadi. Bunga ayolning nozik xilqat, bo‘lg‘usi ona ekani asosiy sababdir. Sigaret ayolning husniga salbiy ta’sir qiladi. Reproduktiv tizimlar faoliyatiga jiddiy zarar yetkazadi. Shu bois bunday onalarda homila tushish holatlari ko‘p kuzatiladi, tug‘ilgan bolalar xasta va nimjon bo‘ladi.