Bizning odatlarimiz bu ikkinchi fe’l-atvorimiz, tabiatimizdir. Aynan ular bizning keksa yoshda qanchalik sog‘lom bo‘lishimizni belgilab beradi. Bu nafaqat jismoniy sog‘lik, balki aqliy faoliyat, ruhiy holat va go‘zallikka ham daxldordir.
Odatlarni har qanday yoshda o‘zgartirsa bo‘ladi, lekin yoshlikdan to‘g‘ri odatlarni ishlab chiqish albatta yaxshiroq.
Quyida diyetologlar, shifokorlar va psixologlarning fikriga ko‘ra, eng sog‘lom odatlarning ro‘yxatini keltirib o‘tamiz.
- Tishlaringizni muntazam yuving
Amerikalik tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ertalab va kechqurun muntazam ravishda tishlarni yuvish, umrni 6 yilga uzaytirish imkonini beradi. Tishlarni tozalash umrning davomiyligi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq ekan. Bunga shunday izoh berish mumkin. Tishdagi toshlarni yuzaga keltiruvchi bakteriyalarning soni ko‘p bo‘lsa, ular qonga tushib, qon tomirlarini bekitib qo‘yadi, natijada yurak kasalliklarini yuzaga keltiradi.
- Tanishlar orttiring va o‘zingiz uchun sevimli mashg‘ulot toping
Jamoatchilik faoliyatining qaysi turi bilan shug‘ullanmang, u nafaqat aqliy, balki jismoniy barqarorlik va sog‘lik uchun ham foydalidir. Turli kurslarga yoziling, treninglarda ishtirok eting - bular muloqot doirasini kengaytirish uchun zarur. Bunday faoliyat aqliy faollik va serotoninning zaruriy miqdori bilan ta’minlashga yordam beradi.
Vaqtni maroqli o‘tkazish uchun mo‘ljallangan har qanday mashg‘ulot kishining hordiq chiqarishiga yordam beradi. Faqat bunday mashg‘ulotlar safiga kompyuter o‘yinlarini kiritmang.
- Ertalab nonushta qiling
Ertalab nonushta qilishga odatlangan odam ko‘proq mineral va vitaminlar hamda kamroq yog‘ va xolesterin qabul qiladi. Natijada ular yaxshi ko‘rinishga ega bo‘ladi, shuningdek, o‘zini tetik his qiladi. Bunda nonushta tarkibida oqsil, uglevod va kamroq yog‘lar bo‘lishi tavsiya etiladi.
Amerikalik diyetologlarning fikricha, har kuni ertalab nonushta qilish semirib ketish va qand kasalligining oldini oladi.
- Uyquning yetarli bo‘lishi
Ba’zan to‘yib uxlash uchun vaqt yetmasligi mumkin, biroq shuni unutmaslik kerakki, yetarlicha uxlab, dam olgan odam uyquga to‘ymagan odamga qaraganda ko‘proq ishga ulguradi. Sog‘lik va go‘zallik uyqu miqdoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqdir.
- Jismoniy mashqlar bajaring, sayr qiling va harakatda bo‘ling
Har kuni ko‘proq harakatlanish lozim. Shifokorlarning kuzatishlariga qaraganda, har kuni hech bo‘lmaganda 30 daqiqa piyoda yurgan odam erta o‘limning oldini oladi. Aslida ko‘proq harakatlanish uchun har bir kishining imkoniyati mavjud. Masalan, do‘konga mashinada emas, piyoda borish, yuqoriga chiqishda liftdan emas, zinadan foydalanish, do‘stlar bilan uchrashish uchun kafe emas, xiyobonni tanlash.
- Muntazam ravishda baliq iste’mol qiling
Haftasiga ikki marta baliq yeyish tavsiya etiladi. Bunda baliqning tarkibida yog‘ kislotalari bo‘lishi lozim. Baliqning foydali xususiyatlari shundaki, u oqsilning manbasi hisoblanadi, qolaversa, unda organizm uchun zararli bo‘lgan to‘yingan yog‘larning miqdori juda kam.
Undagi yog‘ kislotalari yurak kasalliklarining yuzaga kelish xavfini qisqartiradi, allergiyani susaytiradi.
- Ko‘proq suv va choy iching
Suv ortiqcha vazndan qutulishga yordam beradi. Choy esa xotirani yaxshilaydi, ko‘plab kasalliklar rivojlanishining oldini oladi.
- Foydali mahsulotlar bilan tamaddi qiling
Konfet, fast-fud va pishiriqlar bilan tamaddi qilishning o‘rniga sabzavotlar va mevalarni tamaddi qilishga odatlaning. Ularni har kuni iste’mol qilish organizmning qarish jarayonini sekinlashtiradi, yurak va immunitetni mustahkamlaydi, xotirani yaxshilab, ko‘plab kasalliklarga chalinish xavfini kamaytiradi.
- Uyingiz havosini muntazam ravishda almashtirib turing
Zamonaviy qurilish materiallarining deyarli barchasi, turli yuvish vositalari, lak, kraskalar hamda dori vositalari yashash hududining havosini ifloslantiradi. Ulardan tarqaluvchi turli moddalar, masalan, benzol inson uchun juda zararlidir. Yangi mebel, yangi gilam qoplamalari, plastik bu kabi moddalarni ko‘p chiqaradi.
Uy havosini tozalash va uni kislorod bilan boyitishning eng oddiy usuli - derazalarni ochish orqali xonani shamollatib turishdir.
- Rejalashtirish mumkin bo‘lgan ishlarning barchasini rejalashtiring
Rejalashtirish odat tusiga aylanishi va hayotning barcha jabhasida qo‘llanishi lozim. Bu bilan siz nafaqat ishlaringizni tartibga solish, balki anchagina vaqtingizni tejay olishingiz mumkin.
Sog‘lom ovqatlanish tarzi, hayot tarzi va go‘zallik - bularning hech biri o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Ular odatga aylanishi uchun harakatlaringizni rejalashtirishingiz kerak bo‘ladi.
Har kuni ertangi kun uchun reja tuzing!
Maqolani tayyorlashda "1000 sekretov" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.